English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
10:28 / 2023-05-26

Sharof Rashidov tumani hokimi Mahmud Xolbo‘tayev tumandagi 29-umumta’lim maktabida o‘tgan “So‘nggi qo‘ng‘iroq” tadbirda ishtirok etib bitiruvchi yoshlarga Prezidentimizning tabrigini o‘qib eshittirdi va yurtimizning ertangi kelajagi shu tashabbuskor yoshlar qo‘lida ekanini ta’kidladi.

Tadbir so‘ngida tuman hokimi bitiruvchi yoshlar bilan uchrashib, ular bilan dildan muloqot qildi, so‘ngra faol o‘qituvchi va o‘quvchilarga faxriy yorliq va badiiy kitoblar sovg‘a qildi.

O‘z navbatida yoshlar ham oilasi, yurti va Prezidentimizning ishonchini oqlash yo‘lida barcha sinovlardan odilona o‘tishga va’da berdi.  

***

Mirzacho‘l tumani hokimi Sh.Ahmedov tashabbusi bilan “Yerjar” MFY nuroniylari va yoshlari uchun Prezidentimizning “Har bir oila tadbirkor” dasturi asosida hamda tuman sektor rahbarlari va hokim yordamchilari tomonidan yo‘lga qo‘yilgan tashabbuskor tadbirkorlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirish, tadbirkorlikka bo‘lgan yoshlarning qiziqishlarini oshirishda ko‘maklashishlarini yanada rag‘batlantirish maqsadida mahallalardagi tadbirkorlik sub’ektlarga sayohatlar tashkil etilmoqda.  

Sayohat davomida mehnati bilan ko‘pchilikka ibrat bo‘lgan, bugun keksalik gashtini surayotgan nuroniy oqsoqollar, yoshlarga mana shunday dorilomon kunlarning qadriga yetishlari, hukumatimiz tomonidan yosh tadbirkorlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan unumli foydalanishlari va dehqonchilikda nimalarga e’tibor qaratish lozimligi xususida o‘z maslahat va tavsiyalarini berdi.

***

Zafarobod tumanidagi madaniyat markazida umumta’lim maktabi bitiruvchilari va uyushmagan yoshlarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazish maqsadida konsert dasturi tashkil etildi.

Tuman madaniya uyi qoshidagi havaskor san’atkorlar tomonidan namoyish etilgan konsert dasturida Qozog‘iston Respublikasining iqtidorli qo‘shiqchisi Bauыrjan el-Maxanbet ulu ham o‘z qo‘shiqlari bilan ishtirok etdi.  

Ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashgan kuy va qo‘shiqlarga yoshlar miriqib raqsga tushdi.

***

Arnasoy tumanida “Yoshlar bizning kelajagimiz” shiori ostida “Giyohvandlik asr vabosi”, “Narkomaniya va toksikomaniya sog‘lik va kelajak uchun xatar” mavzularida davra suhbatlari o‘tkazilmoqda. Giyohvandlikning inson salomatligi, nasli va taqdiriga jiddiy zararlari, yoshlar kelajagi yo‘lidagi ko‘rinmas tushovligi xususida ma’ruzalar qilindi.  

Tumandagi “Cho‘lquvar” hamda “Tinchlik” MFYlarida esa xonadonbay tizimida mahallada e’tibor va ko‘makka muhtoj bo‘lgan og‘ir toifadagi yoshlarning oilaviy ahvoli o‘rganilib, ularga amaliy yordam ko‘rsatildi.

***

Zomin tumanidagi 30-sonli umumta’lim maktabida o‘tkazilgan tadbirda Jizzax viloyati IIB boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirov ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy o‘rta ta’lim maktablarining bitiruvchi yoshlariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.  

Yurtimizda o‘g‘il-qizlarning bilim olishi, kasb-hunar o‘rganishlari uchun yaratilgan sharoitlar xususida so‘z yuritib, bitiruvchilar jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadigan shaxs bo‘lishlariga ishonch bildirdi. O‘z vazifasini sitqidildan ado etgan pedagoglar va eng faol o‘quvchilarga faxriy yorliqlar topshirildi.

***

Zarbdor tumani hokimi ishni mahallabay tizimi asosida tashkil etgan holda “Yangikent” MFYda yashovchi aholi muammolarini o‘rganib, mahallada istiqomat qiluvchi yoshi ulug‘ fuqarolar holidan xabar olindi, ularning muammolari o‘rganilib, joyida bartaraf etish choralari ko‘rildi. So‘ngra fuqarolar uchun ommaviy sayyor qabul o‘tkazdi.  

Uchrashuv avvalida tuman rahbari aholi bandligini ta’minlash, ularning tomorqadan olinadigan daromadini oshirish, mahallada oilaviy ajrimlarning oldini olish, mahallalar infratuzilmasini yaxshilash borasidagi ishlar to‘g‘risida ishtirokchilarga o‘z tavsiyalarini berib o‘tdi.

Qabulda aholi tomonidan ichki yo‘llarni ta’mirlash, elektr ta’minoti, bankdan kredit olishda ko‘maklashish kabi murojaatlar bo‘ldi. Ushbu murojaatlarning aksariyati joyida ijobiy hal etildi. Qolgan murojaatlar tegishli tashkilotlarga topshirilib, ijrosi nazoratga olindi.

A.QAYUMOV,  

J.YORBEKOV (surat), O‘zA