English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
08:53 / 2023-03-31

Baxmal tumani adliya hamda oila va xotin-qizlar bo‘limlari hamkorligida qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari xotin-qizlar faollari uchun Yangi O‘zbekistonning yangilanayotgan konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha o‘quv-seminari tashkil etildi.

Unda adliya bo‘limi kichik maslahatchisi Sh.Jangiboyev Konstitutsiyaga kiritilayotgan o‘zgartishlar hamda Referendum – umummilliy, hududiy yoki mahalliy ahamiyatga ega bo‘lgan eng muhim masalalar bo‘yicha ovoz berishda fuqarolarning xohish-irodasini bevosita ifoda etish shakli yuzasidan batafsil ma’lumot berdi.

***

G‘allaorol tumanining qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida mahalliy aholi ishtirokida joriy yilning 30 aprel kuni o‘tadigan Referendumga bag‘ishlab targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilmoqda.  

Jumladan, tumandagi “Olimlar” hamda “Do‘stlik” MFYlarda “Yangilanayotgan Konstitutsiya va Referendum” mavzusida bo‘lib o‘tgan targ‘ibot tadbirida 240 nafardan ortiq kishi ishtirok etdi. Unda Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartish va yangiliklar hamda Referendum haqida atroflicha tushunchalar berildi.

***

“Yashil makon” umummilliy loyihasi asosida Arnasoy tumanida keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilib, har bir mahallada gulzorlar, bog‘lar va bir qator manzillar ko‘klamzorlashtirilmoqda. Umummilliy loyiha doirasida tumanda joriy yilning bahor mavsumida jami 785 ming 400 tup manzarali va  mevali daraxt ko‘chatlari ekish rejalashtirilgan edi. Ayni vaqtda arnasoyliklar 550 ming tupdan ortiq manzarali,  mevali daraxt ko‘chatlari va buta qalamchalarini ekib bo‘ldi.

***

Zarbdor tumanidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar a’zolari o‘z hududlarida tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari tomonidan chuqurlashtirilgan ko‘rikdan o‘tkazilmoqda.

Jumladan, tuman prokurori R.Masharipov tashabbusi bilan 2-sektor hududidagi “Taraqqiyot” MFYda yashovchi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar a’zolari tibbiyot birlashmasi tomonidan chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

Muborak Ramazon kunlarida bu kabi xayrli ishlar tumanning boshqa hududlarida ham belgilangan reja asosida  amalga oshirilmoqda

***

Forish tumani “IT markazi” xodimlari tumandagi umumta’lim maktablarida bo‘lib, markazda tashkil etilgan o‘quv kurslari haqida batafsil ma’lumotlar bermoqda.  

Jumladan, markaz xodimlari 3-sektor hududidagi “Oqtom” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan 7- va 29-sonli umumta’lim maktablarida bo‘lib, ushbu o‘quv muassasalarida ta’lim olayotgan yoshlarga markazda mavjud o‘quv kurslari haqida atroflicha ma’lumot berdi. Tadbir nihoyasida “IT markazi” o‘quv kurslarini bitirgan shu maktablarning bir qator o‘quvchilariga sertifikatlar topshirildi.

***

Yurtimizda muborak Ramazon oyi davom etayotgan qutlug‘ kunlarda Zomin tumanidagi qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida ijtimoiy himoyaga muhtoj oila a’zolari va nuroniylarga iftorliklar tashkil etilmoqda.  

Jumladan, tumandagi “Turkman” MFYda yashovchi 30 nafardan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj oila a’zolari hamda ro‘zador nuroniy otaxon va onaxonlarga iftorlik dasturxoni yozildi.

Iftorlik so‘ngida Qur’on tilovat qilinib, o‘tgan marhumlar haqqiga bag‘ishlandi va Yaratgandan yurtimizga tinchlik, xalqimizga farovonlik, ekin-tikin ishlari boshlab yuborilgan qishloq xo‘jaligiga va boshqa barcha sohalardagi ishlarga qut-baraka va unum so‘raldi.

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA