Forish tumanidagi 25 ta qishloq va mahalla fuqarolar yig‘ini hududida obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ko‘chat ekish ishlari olib borilmoqda.
Bu borada mahallaga biriktirlgan hokim yordamchilari, faollari va yoshlar yetakchilari bosh bo‘lmoqda. Yoshlarning kuchi bilan ariqlar tozalanib, daraxtlar butalib, hovli joylar obodonlashtirilmoqda, mahallalar ichki yo‘llarining yog‘ingarchiliklar natijasida buzilgan joylari tekislanyapti. Ehtiyojmand, yakka yolg‘iz qariyalarning tomorqalari og‘darilib, turli daraxt va gul ko‘chatlari ekilmoqda.

***
Zomin tumani prokurori, 2-sektor rahbari H.Abdullayev belgilangan jadval asosida hududdagi qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlarida yoshlar bilan uchrashuvlar o‘tkazyapti.
Oilaviy tadbirkorlik, tomorqachilik, issiqxona, quyonchilik, parrandachilik, chorvachilik kabi sohalarni rivojlantirish, ulardan unumli foydalanib, qo‘shimcha daromad topayotgan va bu orqali o‘zini-o‘zi band qilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash borasida qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Jumladan, “Beshkubi” QFYdagi uchrashuvda yoshlar tomonidan 8 ta murojaat va takliflar bildirildi. Murojaatlarning 3 tasi joyida hal qilingan bo‘lsa, qolgan taklif va murojaatlar tegishliligi jihatidan tashkilot rahbarlariga aniq topshiriqlar yuklatilib, ijrosi nazoratga olindi.

***
Arnasoy tumanida “Yoshlar radikalizm va ekstrimizmga qarshi” mavzusida keng jamoatchilik va yoshlar ishtirokida seminar tashkil etildi.
Seminarda mas’ullar tomonidan yoshlarga bugungi kunda dunyoda bo‘layotgan hodisalarning salbiy tomonlari tushuntirilib, videorolik namoyish etildi. Ishtirokchilar mavzuga oid o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar oldi.
Bu kabi seminarlar viloyatning barcha shahar va tumanlarida tashkil etilmoqda.

***
Mirzacho‘l tumani hokimligi xodimlariga navbatdagi siyosiy-ma’rifat soatida inson qadrini yuksaltirish va erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqparvar davlat barpo etish maqsadlari haqida ma’lumot berildi.
Siyosiy-ma’rifat soati tadbirlari xodimlarning kasbiy malakasini oshishiga va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar bilan yanada yaqinroq tanishtirishda hamda respublikamizda bo‘layotgan ijobiy o‘zgarishlarning mohiyatini keng va to‘laqonli anglashlarida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

***
Xalq deputatlari Jizzax viloyati Kengashining “Yoshlar siyosati, xotin-qizlar va gender tenglik masalalari” bo‘yicha doimiy komissiyasi a’zolari viloyatdagi oilaviy bolalar uylarida yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Jumladan, Jizzax shahridagi “Nihol” oilaviy bolalar uyi bilan tanishish davomida tarbiyalanayotgan bolalarning qiziqishlari, rejalari bo‘yicha suhbatlashildi.
O‘rganishdan ko‘zlangan asosiy maqsad – bolalarning majburiy mehnatga jalb etilishini oldini olish, nazoratsizlikka yo‘l qo‘ymaslik, ularning mavjud muammolariga tizimli yechim topishdan iboratdir.

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA