Forish tumanida jinoyat ishlari bo‘yicha tuman sudining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda tuman ichki ishlar bo‘limi probatsiya guruhi nazorati ostida bo‘lgan 9 nafar mahkum jazo muddatini o‘tash davomida mehnatga halol yondashganligi, sodir etgan jinoyatini tushunib yetgani va qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymonda ekanligi inobatga olinib, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 73-moddasiga asosan shartli ravishda muddatidan oldin ozod etildi.
***
G‘allaorol tumani “Uzunbuloq”, “Madaniyat” va boshqa mahalla fuqarolar yig‘inlarida ishchi guruhlar tomonidan xonadonma-xonadon yurish orqali aholining muammolarini o‘rganish yuzasidan xatlov jarayonlarini amalga oshirish ishlari davom etmoqda.
Aholiga yog‘ingarchilik natijasida keladigan sel-suvlaridan ogoh bo‘lishi, oziq-ovqat xavfsizligi, energiya resurslari va boshqa isitish vositalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalari yuzasidan ham tushunchalar berib borilmoqda.
***
Do‘stlik tumani hokimi Sh.Darvishev hamda mutasaddi tashkilotlar rahbarlari navbatma-navbat belgilangan jadval asosida mahalla fuqarolar yig‘inlarida sayyor qabul o‘tkazmoqda.
Jumladan, “Saritepa” mahallasida o‘tgan sayyor qabulda 17 nafar aholi tomonidan 30 ga yaqin muammoli masalalar bo‘yicha murojaatlar ko‘tarildi. Fuqarolar tomonidan ko‘tarilgan masalalarning asosiy qismi joyida bartaraf etilgan bo‘lsa, qolgan masalalar bo‘yicha mutasaddilarga aniq vazifalar belgilanib ijrosi nazoratga olindi.
***
Jizzax shahrida zamonaviy jihozlangan maxsus shaxmat klubi ochildi. Ushbu klub haftaning barcha kunlarida doimiy ravishda shaxmat ishqibozlariga xizmat ko‘rsatadi.
Klubga mahalliy grossmeyster biriktirilgan bo‘lib, Jizzax shahrida o‘tkazilayotgan shaxmat musobaqalarining barchasi ushbu klubda o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Xuddi shunday shaxmat klublaridan hududda yana 10 ta tashkil etish rejalashtirilgan.
***
Do‘stdik tumani IIB YHXB xodimlari tomonidan umumta’lim maktablari o‘quvchilariga yo‘l harakati qoidalari bo‘yicha qisqa muddatli, ya’ni 10-15 daqiqalik o‘quv dars mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda.
Mazkur targ‘ibot mashg‘ulotlarida piyoda, velosepid boshqaruvchilari qayerdan, qanday harakatlanishlari, ular tomonidan yo‘l harakati qoidalarini buzish holatlari qanday oqibatlarga olib kelishi mumkinligi haqida so‘z yuritilib, o‘quvchilarga belgilangan joylardan yo‘lni kesib o‘tish, yo‘l harakati qoidalariga qat’iy amal qilgan holda harakatlanish soha xodimlari tomonidan ko‘rgazmali materiallar orqali tushintirilmoqda.
***
Baxmal va G‘allaorol tumanlari IIB YHXB xodimlari tomonidan shahar, tuman va viloyatlararo yo‘lovchi tashish bilan shug‘ullanuvchi haydovchilarga noqulay ob-havo sharoitida amal qilishlari kerak bo‘lgan tartib-qoidalar borasida targ‘ibot va tushuntirish ishlari olib borildi.
Tadbir davomida haydovchilar belgilangan tezlik me’yorlariga amal qilish, transport vositasining texnik holatini doimiy ravishda nazorat qilib borish, so‘ngra harakatlanishi lozimligi tushuntirildi. Shuningdek, uzoq masofaga harakatlanayotganda hushyorlikni oshirish, charchoq alomatlari bo‘lganda rul boshqaruviga o‘tirmaslik bo‘yicha ham atroflicha tushunchalar berildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA