Sharof Rashidov tumanidagi umumta’lim maktablarida o‘quvchilar va o‘qituvchilar internetdan, ta’lim resurslaridan faol foydalanishlari uchun qo‘shimcha Wi-Fi modemlari o‘rnatilmoqda.

Jumladan, tumandagi 4-sonli maktabga ham qo‘shimcha yana 4 dona modem o‘rnatilib, o‘quvchilar va o‘qituvchilar tanaffusda, dars mashg‘ulotlaridan bo‘sh vaqtlarida erkin foydalana olishlari uchun sharoit yaratildi.
* * *
Respublika Bosh prokuraturasi boshqarma boshlig‘i Latif Jalov Do‘stlik dehqon bozorida tashkil etilgan savdo yarmarkasida bo‘ldi.

Unda savdoga chiqarilgan 24 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarining narxlari bilan tanishdi. Aholiga arzon va sifatli mahsulotlarni yetkazib berish xususida suhbatlashildi. Yuzaga kelgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mutasaddilarga aniq ko‘rsatmalar berildi.
* * *
Zarbdor tuman 2-sektor hududidagi “Yangiobod” MFYda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiya qo‘mondonining tarbiyaviy va mafkuraviy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari polkovnik Sarvar Mamayusupovning fuqarolar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda tumandagi Prezident Xalq qabulxonasi mudiri, mahalladagi hokim yordamchisi, tashkilot va idoralar vakillari qatnashdi.
Fuqarolarning taklif va murojaatlari tinglanib, idora va tashkilot rahbarlariga muammolarning ijrosi yuzasidan aniq ko‘rsatmalar berilib, ijrosi nazoratga olindi.
* * *
Forish tumani 1-sektor hududidagi “Uchma” mahalla fuqarolar yig‘inida ishchi guruh tomonidan aholi muammolarini o‘rganish yuzasidan Toshkent viloyati Oqqo‘rg‘on tumanida joriy qilingan tajriba asosida aholi bilan muloqotning yangicha tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.
“Uchma” MFYning “Yuqori Uchma”, “Quyi Uchma”, “Ilonli” qishloqlarida ishchi guruh a’zolari mahallalarda uyma-uy yurib, aholi muammolarini o‘rganmoqda. Aniqlangan masalalar imkon qadar joyida bartaraf etilmoqda.
* * *
Zafarobod tumanida bugungi sovuq ob-havo sharoitida aholi muammolari bartaraf etilmoqda.

Xususan, “Lolazor” QFYda iste’molchilarga qo‘shimcha 100 dona suyultirilgan gaz balloni yetkazib berildi. Bu kabi ishlar grafik asosida barcha mahallalarda amalga oshirilmoqda.
* * *
Baxmal tumani hokimi o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i X.Boymurodovaning navbatdagi sayyor qabuli “Gulbuloq” MFYda tashkil etildi. Sayyor qabulda xotin-qizlar tomonidan 9 ta murojaat qayd etilib, shundan 6 ta murojaat joyida hal etildi.

Mablag‘ va vaqt talab etadigan murojaatlar esa nazoratga olinib, huquqiy maslahatlar berildi va mas’ullarga aniq vazifalar yuklatilib, ijrosi nazoratga olindi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA