Mirzacho‘l tumanida Prezidentimizning 2022 yil 14 dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 31 yilligini hamda Vatan himoyachilari kunini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishi doirasida xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.

Chegara qo‘shinlariga qarashli “n” harbiy qism rahbariyati, qishloq va mahalla fuqarolar yig‘inlari raislari, xotin-qizlar faollari bilan birgalikda hududdagi frontorti mehnat faxriylari, kam ta’minlangan oilalar, yotib qolgan bemorlar holidan xabar olmoqda. Jumladan, ular tomonidan tumandagi “Bog‘bon” qishloq fuqarolar yig‘inida xuddi shunday xayrli ishni amalga oshirib, holidan xabar olingan oilalarga 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.
***
Arnasoy tumanida o‘quvchi-yoshlarning qishki ta’tilini mazmunli o‘tkazish maqsadida tuman hokimligi tomonidan ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalarning farzandlari uchun Jizzax shahriga sayohat uyushtirildi.

Sayyohat avvalida yoshlar viloyat musiqali drama teatrida o‘quvchi-yoshlar uchun sahnalashtirilgan “Qish ertaklari” spektaklini miriqib tomosha qildi. So‘ngra Jizzax shahridagi Hamid Olimjon va Zulfiyaxonim nomidagi muzeyda bo‘lib, o‘zbek adabiyotining ikki atoqli shoirlariga oid eksponatlar bilan tanishdi.
***
Yangiobod tumani 1-sektor hududiga qarashli “Sovot” QFY hududida ishchi guruh a’zolari va sektor mas’ullari ishtirokida yangi yilning birinchi kunlarida bevosita aholi kayfiyatiga ta’sir qiluvchi, ayniqsa, ijtimoiy soha ob’ektlarida energiya resurslari ta’minoti va boshqa masalalar yuzasidan o‘rganishlar amalga oshirildi.

Shuningdek, hududdagi mavjud dorixonalarda foydalanish taqiqlangan va inson, ayniqsa, bolalar hayoti uchun zararli bo‘lgan dori vositalarini savdodan olib tashlash yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
***
Baxmal tumani IIB boshlig‘i, 3-sektor rahbari mahallalarda aholi noroziligiga sabab bo‘luvchi muammolarni, ayniqsa, energiya resurslari ta’minoti, oziq-ovqat narxlarining barqarorligi va boshqa masalalarni o‘rganish hamda aniqlangan muammolarni hal etish bo‘yicha biriktirilgan mas’ul rahbarlar bilan birgalikda aholi xonadonlari hamda ijtimoiy soha ob’ektlarida bo‘ldi. Mas’ullarga tegishli topshiriq va zarur ko‘rsatmalar berib, muammolar joyida bartaraf etildi.

Shuningdek, 3-sektor hududidagi kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarga 10 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari yetkazildi.
***
Sharof Rashidov tumani IIB boshlig‘i, podpolkovnik A.Muratov 3-sektor hududidagi aholi va ijtimoiy soha ob’ektlariga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berishdagi muammolarni joyiga chiqib o‘rgandi.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilanib, suyultirilgan gaz balloniga ehtiyoji bor xonadonlarga shu vaqtning o‘zida qo‘shimcha gaz ballonlar yetkazib berildi.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA