Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
18:31 / 2022-12-29

Yangiobod tumanidagi chegara qo‘riqlash vzvodi tomonidan tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktablarida yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va ular qalbida jasorat, Ona vatanga muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish maqsadida harbiy vatanparvarlik oyligi doirasida “Mardlik soati” tashkil etilmoqda.

Tuman markazidagi 1-sonli umumta’lim makatabida “Mard askar – yoshlarga namuna” shiori ostida bo‘lib o‘tgan tadbirda muddatli harbiy xizmatchilar o‘quvchi-yoshlar bilan suhbatlashdi. O‘g‘il-qizlar harbiy qurol-aslahalar bilan tanishtirildi.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2022 yil 19 dekabrdagi buyrug‘iga asosan – 2022-2023 o‘quv yili uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va boshqa davlat stipendiyalariga munosib ko‘rilganlar ro‘yxati e’lon qilindi. Ushbu ro‘yxatda forishlik talaba Iroda Axmedova ham Prezident davlat stipendiyasi sohibi bo‘lganligi qayd etilgan.

Iroda 2000 yil 15 dekabr kuni Forish tumani Yangiqishloq shaharchasida tug‘ilgan. U ilk saboqlarini shu tumandagi 33-sonli umumta’lim maktabida, so‘ngra, Jizzax davlat pedagogika universiteti qoshidagi “Sayiljoyi” akademik litseyida olib, ushbu o‘quv muassasalarini imtiyozli diplom bilan tamomlagan.

Iroda Axmedova ayni vaqtda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti xitoyshunoslik fakulteti 4-kurs talabasi hisoblanadi.

Zarbdor tumani hokimi Zafar Ro‘ziyev o‘tkazgan navbatdagi qabulida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan 20 ga yaqin fuqarodan davolanish uchun moddiy yordam, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish, nafaqa olishdagi muammolar, ishga joylashish bilan bog‘liq murojaatlar kelib tushdi.

15 ta murojaat joyida hal etilgan bo‘lsa, qolgan murojaatlar ijrosi yuzasidan tegishliligi bo‘yicha mutasaddilarga aniq ko‘rsatmalar berildi va ularning ijrosi shu hafta yakuniga qadar ijobiy hal etilib, murojaatchi va tuman hokimiga yozma ma’lumot taqdim qilish lozimligi belgilandi.

Mirzacho‘l tuman hokimi tashabbusi bilan 2022 yil davomida faollik bilan ish olib borgan sport maktabi murabbiylari, faollari, jonkuyar xodimlari, yil mobaynida Jahon, Osiyo va O‘zbekiston chempionatlarida ulkan yutuqlarga erishgan 20 nafar sportchi rag‘batlantirildi.  

Tadbirda kirib kelayotgan yangi 2023 yilda ham mirzacho‘llik sportchilar, ularning murabbiylariga zafarlar tilangan tuman hokimining tabrigi o‘qib eshittirildi.

Zafarobod tuman davlat soliq inspeksiyasi bo‘limi boshlig‘i, 4-sektor rahbari A.Islomov “Lolazor” qishloq fuqarolar yig‘iniga biriktirilgan hokim yordamchisi, yoshlar yetakchilari, mahalla xotin-qizlari faollari bilan uchrashdi.  

Uchrashuvda  aholi xonadonlarini obodonlashtirish, kambag‘allikni qisqartirishga e’tibor qaratish, band bo‘lmagan va xorijda mehnat qilayotgan fuqarolar ro‘yxatini shakklantirish, har bir kishi elektr energiyasidan oqilona foydalanishi lozimligi, xavfsizlik qoidalariga rioya etishlari va uni tejab ishlatishlari lozimligi ta’kidlandi.

Zomin tumani “Peshag‘or” MFY joriy yil 2 noyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari U.Muxammadiyev va viloyat sektor rahbarlari ishtirokida o‘tkazilgan sayyor qabulda Zomin tumani va boshqa tumanlarda jami 136 nafar fuqaroning turli murojaatlari tinglandi.

Fuqarolar tomonidan sog‘ligini tiklash masalasi, uy-joyini ta’mirlash, kontrakt to‘loviga amaliy yordam berish, safarbarlik chaqiruvi rezervi to‘lovlarini to‘lashda moddiy yordam so‘rab murojaat qilgan yuzdan ortiq fuqarolarning masalalari ijobiy yechim topishi uchun 500 million so‘m  mablag‘ ajratildi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA