Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
18:04 / 2022-10-26

Baxmal tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i, 4-sektor rahbari X.Soatov “Ayollar daftari”dagi xotin-qizlarning muammolari bo‘yicha sektor hududidagi faol onaxonlar va xotin-qizlar bilan suhbat o‘tkazdi.

Suhbat davomida kambag‘allikni kamaytirish, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” , “Temir daftar”ga kiritilgan fuqarolarga moddiy yordam ko‘rsatish, balki jamiyatda o‘z ish o‘rniga ega bo‘lishiga ko‘maklashish kerakligi yuzasidan aniq chora-tadbirlar belgilab olindi.

* * *

Arnasoy tumani hokimligida “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 14 oktyabrdagi “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati va ijrosi mavzusida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi. Seminarda hokimlikning mas’ul xodimlari, tumandagi korxona va tashkilotlar rahbarlari ishtirok etdi.

Unda davlat fuqarolik xizmatchilarining aholi muammolarini o‘rganish va oldini olishda samarali muloqot madaniyatini oshirish, nizoli vaziyatlarda davlat xizmatchilarining ruhiy barqarorligini ta’minlash, shaxslararo munosabatlar, ziddiyatli vaziyatlar va ularning oldini olish haqida so‘z bordi.

* * *

Zarbdor tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi tomonidan tuman hududida joylashgan aholi turar joylari va ko‘p qavatli uylarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarliklar ko‘zdan kechirili, yong‘in, tabiiy va is gazidan zaharlanishdan ehtiyot bo‘lish, turli qo‘lbola isitgichlardan foydalanmaslik tushuntirilmoqda.

[gallery-9294]

Jumladan, tumandagi “Yangiobod” MFY fuqarolari tomonidan nosoz, qo‘lbola yasalgan gaz va elektr isitish moslamalari olib qo‘yildi va ulardan foydalanishlari oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan yong‘in, gaz va havo aralashmasining chaqnashi, fuqarolarning tabiiy va is gazidan zaharlanishi bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlar va boshqa noxush holatlarning oldini olish borasida atroflicha tushunchalar berildi.

* * *

Jizzax shahar hokimligi ishchi guruhi tomonidan Sharof Rashidov ko‘chasida tashqi reklama vositalarini o‘rganish ishlari davom ettirildi.

O‘rganish natijalariga ko‘ra ellikka yaqin “Davlat tili haqida”gi Qonunning 20-moddasi va yangi tahrirda qabul qilingan “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunning 6-moddasi talablariga mos kelmagan tashqi reklama vositalari aniqlanib, monopoliyaga qarshi kurashish boshqarmasi reklama bo‘limi tomonidan tayyorlangan ogohlantirish xatlari, tadbirkorlarga kerakli tavsiyalar berildi.

* * *

Yangiobod tumanida yo‘llar sifatini yaxshilash, aholi va transport vositalari harakatlanishi uchun qulayliklar yaratish maqsadida asosiy va ichki yo‘llarda ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.

Xususan, “Havotog‘” QFY hududidagi “Qo‘riq”, “Qo‘shqand” va “Uchturg‘on” qishloqlarining ichki yo‘llariga asfalt yotqizilmoqda.

* * *

Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Paxtakor ixtisoslashtirilgan maktabi o‘qituvchilari va bitiruvchi sinf o‘quvchilari ishlab chiqarish jarayoni bilan yaqindan tanishish maqsadida tumanidagi “World Trading Company” zavodida bo‘ldi.

O‘quvchilar bu yerda zavod faoliyati va ishlab chiqarish jarayonlari, mahsulotlar eksporti va boshqa qiziqarli ma’lumotlardan ham xabardor bo‘ldi, korxonaning boshqaruv ma’muriyati bilan o‘tkazilgan suhbat jarayoni o‘quvchilarda katta taassurot qoldirdi.

* * *

Do‘stlik tumanining “Chinobod” mahallasida “Yangi O‘zbekiston” massivi bunyod etilmoqda. Massiv doirasida mahallada 50 ta aholi turar-joylari hamda ijtimoiy soha ob’ektlari qad ko‘taradi.

Shu yil Mustaqillik bayrami arafasida dastlabki bitta besh qavatli turar-joyning kalitlari 20 oilaga topshirildi.

Ayni paytda esa ikkinchi besh qavatli uyga poydevor quyilib, qurilish ishlari davom etmoqda.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA