Baxmal tumani hokimi Musa Anorboyev tumandagi Jahon banki mablag‘lari hisobidan yangidan qurilib foydalanishga topshirilgan 86-sonli umumta’lim maktabida bo‘lib, u yerga olib boruvchi ichki yo‘llarga asfalt yotqizish jarayoni, hududda amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.

Jahon banki tomonidan ajratilgan mablag‘ni to‘g‘ri yo‘naltirish, ta’mirlash, obodonlashtirish ishlari bo‘yicha mutasaddi rahbarlarga tegishli ko‘rsatmalar berdi.
* * *
Paxtakor tumani xalq ta’limi bo‘limiga qarashli umumta’lim maktablarida Davlat dasturida belgilangan ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashish, ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, diniy bag‘rikenglik hamda millatlararo totuvlikni mustahkamlash yuzasidan Respublika ishchi guruhi vakillari tomonidan targ‘ibot-tashviqot tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Ishchi guruhi vakillari din bilan bog‘liq vaziyat o‘zgaruvchanligi, aqidaparastlik, ekstremizm va terrorizmning zararli oqibatlari to‘g‘risida, barcha ta’lim muassasalarida ekstremizm g‘oyalariga berilishning oldini olishga qaratilgan ma’ruzalar o‘qimoqda.
* * *
“Og‘ir hudud” deya e’tirof etib kelingan Do‘stlik tumanining “Oltin vodiy” mahalla fuqarolar yig‘ini kundan kunga chiroy ochib bormoqda.

Jumladan, mahalladagi ko‘p qavatli uylarning atrofi noqonuniy qurilma va turli yaroqsiz qurilish va sanoat chiqindilardan tozalanmoqda, zarurat bo‘lgan ob’ektlar ta’mirlanib, mahalla infratuzilmasi yaxshilanayotir, hudud atrofida obodonlashtirish ishlari amalga oshirilmoqda.
Bu kabi hashar ishlarida deputatlar, tuman obodonlashtirish boshqarmasi ishchi-xodimlari va mahallada istiqomat qiluvchi fuqarolar ixtiyoriy ravishda faol ishtirok etayotir.
* * *
Zarbdor tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i, 3-sektor rahbari podpolkovnik Yoqubjon Akaboyevning “Do‘stlik” MFYda sayyor qabuli va “Yoshlar bilan uchrashuv”i bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda 12 ta murojaat qabul qilindi. Murojaatlarning 4 tasi joyida ijobiy hal qilingan bo‘lsa, 2 nafar murojaatchiga huquqiy maslahatlar berildi. Qolgan murojaatlar yechimi vaqt va mablag‘ talab qilganligi sababli mutasaddi tashkilotlar rahbarlariga aniq ko‘rsatmalar berildi va ijrosi qat’iy nazoratga olindi.
* * *
Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash Mirzacho‘l tuman bo‘limi vakillari paxta dalalarida bo‘lib, yig‘im-terimda ixtiyoriy ravishda ishtirok etayotgan vaqtinchalik band bo‘lmagan uyushmagan aholi holidan xabar oldi.

Jumladan, “O‘zbekiston” qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi paxta dalalarida hasharda ishtirok etayotgan fuqarolar, ayniqsa, xotin-qizlarning hosil terimiga qo‘shayotgan munosib hissalari uchun minnatdorchilik bildirdi.
Ilg‘or terimchilarga Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash vazirligi, “Nuroniy” jamg‘armasi tomonidan yuborilgan sovg‘alar faol terimchilarga topshirildi.
* * *
Jizzax shahar hokimligi vakillari Xitoy Xalq Respublikasidan kelgan tadbirkorlar bilan “Jizzax EIZ” ma’muriy binosida uchrashib, unda umumiy qiymati 25 million AQSH dollarlik kafel ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha muzokaralar olib bordi.

Muzokaralar davomida xorijiy tadbirkorga yer olish tartibi va hukumat tomonidan beriladigan imtiyozlar to‘g‘risida atroflicha tushuntirish berildi.
Uchrashuv so‘ngida loyihani amalga oshirish uchun qulay, deb topilgan yer uchastkasi mas’ullar tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA