Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
13:22 / 2022-03-11

Yangiobodda xalq deputatlari tuman Kengashi deputatlari boshchiligida namunaviy ishchi guruh tashkil etilib, guruh tomonidan tumanning “Yangiobod” shaharcha fuqarolar yig‘ini, “Balandchaqir”, “Do‘stlik” hamda “Shodlik” mahalla fuqarolar yig‘inlari hududida yaratilayotgan yangi ish o‘rinlari va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha amalga oshirilyotgan ishlar o‘rganildi.

Mazkur jarayon davomida ushbu hududlardagi kichik ishlab chiqarish sexlari, tadbirkorlik sub’ektlari, chorvachilik va dehqonchilik yo‘nalishida yaratilayotgan ish o‘rinlari va ishsiz aholini ish bilan qamrab olish jarayolari bo‘yicha ishchi guruh tarkibidagi soha mutaxassislari tomonidan amaliy tavsiyalar berildi.

* * *

Jizzax viloyat ichki ishlar boshqarmasi transportda XTB xodimlari tomonidan payshanba “Huquqbuzarliklar profilaktikasi kuni” doirasida G‘allaorol, Zomin, Zarbdor, Sharof Rashidov tumanlari va Jizzax shahar hududlaridagi temir yo‘lga tutash bo‘lgan korxona, tashkilotlar mas’ul xodimlari bilan profilaktik suhbatlar tashkil qilinib, tashkilotlarga kirish yo‘llari ko‘zdan kechirildi va temir yo‘llarda xavfsizlik qoidalariga qat’iy rioya qilish, temir yo‘l izlariga shikast yetkazmaslik borasida tushunchalar berildi.

Shuningdek, kelgusida temir yo‘lga tutash bo‘lgan ob’ektlarda turli jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish maqsadida hududga tungi yoritish moslamalari va video kuzatuv kameralarini o‘rnatish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

* * *

Kadastr agentligi hamda Davlat kadastrlari palatasi Jizzax viloyati boshqarmalari tomonidan “2022 yilda aholiga ijaraga beriladigan yerlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish hamda tanlovga chiqarish tartibi” va “Yer to‘g‘risidagi qonunbuzilish holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olish” mavzularida matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi Jizzax viloyati boshqarmalari mutasaddilari OAV vakillarining savollariga batafsil javoblar berdi.

* * *

Forish tuman hokimi Ikrom Matiyev va tuman prokurori Mirzarahim Otaqulov tumandagi 2-sektor hududidagi yoshlar va aholi bilan muloqot o‘tkazdi.

Uchrashuvda aholi va yoshlarni tadbirkorlikka yo‘naltirish, xonadonlarda chorvachilik, tomorqachilikni rivojlantirish, bu borada subsidiya va kreditlar ajratish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Hududdagi qishloqlarning tabiiy iqlim va tuproq sharoitidan kelib chiqib, qishloq yoshlarini ish bilan ta’minlash maqsadida kartoshka yetishtirishga ixtisoslashgan yoshlar kooperativini tashkil etish taklifi ilgari surildi.

* * *

Jizzax viloyati IIB boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirov G‘allaorol tumanida aholi va yoshlar uchun sayyor qabul o‘tkazdi.

Unda fuqarolarni qiynayotgan masalalar o‘rganilib, hal etish choralari belgilab olindi va mas’ullarga tegishli topshiriqlar berildi.

Shuningdek, uchrashuv doirasida yoshlar festivali ham uyushtirildi.

* * *

Arnasoy tumanida “Ekologiya sohasidagi qonunbuzarliklarning oldini olish, daraxtlarni ruxsatsiz kesish, brakon’erlik, noqonuniy chiqindilar tashlash kabi holatlarga qarshi kurashish” mavzusida brifing tashkil etildi.

Unda Arnasoy tuman hokimining qurilish, kommunikatsiyalarini rivojlantirish, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Faxriddin Adilov axborot berdi.

Bu boradagi kamchiliklar muhokama qilinib, mutasaddilar jiddiy ogohlantirilib, ularga aniq topshiriqlar yuklatilib, ijro muddati belgilandi.

* * *

Zomin tuman axborot kutubxona markazi tomonidan Milliy gvardiya mintaqaviy o‘quv markazi bilan hamkorlikda “Moviy jamadon sayohati” tadbiri tashkil etildi.

Tadbir 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi ijrosi yuzasidan o‘tkazildi. 

Aholiga axborot-kutubxona xizmatini ko‘rsatishni yanada rivojlantirish, kitobxonlikni keng ommalashtirish hamda “Kitobsevar millat” umummilliy g‘oyasini ro‘yobga chiqarish maqsadida “Moviy jamadon sayohati” loyihasi doirasida 10 nom va 10 nusxadagi kitoblar jamlanmasi 1 hafta davomida foydalanish uchun kitobxonlar ixtiyoriga topshirildi.

A.Qayumov, O‘zA