Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
18:17 / 2022-02-21

Forish tumanida “Tasviriy san’at” va “Floristika” to‘garaklari ustozlari S.Mamadaliyev va T.Kadirova rahbarligida tahsil olayotgan o‘quvchilarning ijodiy ko‘rgazmalari tashkil etildi.

Ko‘rgazmada ijodiy ishlar va o‘quvchilarning yutuqlari to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi. Ushbu ko‘rgazmani 500 dan ortiq yoshlar va san’at shaydolari tomosha qildi. 

Arnasoy tumanida 2021-2022 kuz-qish mavsumida 194 kilometr uzunlikdagi irrigatsiya va 231,5 kilometr uzunlikdagi melioratsiya tarmoqlarida kuz-qishki tadbirlarni o‘tkazish rejalashtirilgan edi. Monitoring tahlillariga ko‘ra, bugungi kunga qadar tumanda 139 kilometrdagi ichki sug‘orish tarmoqlarida ish bajarilgan. Inshootlarning 12 kilometr qismi maxsus texnika va 127 kilometr qismi qo‘l kuchi bilan tozalangan.  

Mirzacho‘l tumanidagi har bir mahallada Prezidentimizning 2020 yil 30 oktyabrdagi “Sog‘lom turmush tarzini keng tatbiq etish va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida o‘quvchi, talaba va uyushmagan yoshlar o‘rtasida sportning yengil atletika, uzoq masofaga yugurish sport turlari bo‘yicha musobaqalar, ertalabki badantarbiya mashqlari muntazam tashkil etib kelinmoqda. Gagarin shahrida ham ana shunday sport tadbirlari o‘tkazildi.  

G‘allaorol tuman tibbiyot birlashmasining malakali shifokorlari haftaning har shanba kuni hududlardagi qishloq va mahalla fuqarolari yig‘inlarida bo‘lib, aholini tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda. Tumandagi “Qipchoq suv” QFY fuqarolari chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ko‘rik davomida mutaxassis shifokorlar tomonidan mahalla ahliga zarur tibbiy maslahat va tavsiyalar berildi.  


Zarbdor tumani markazidan 30 kilometr olisdagi, 3 ming 200 nafar aholi yashaydigan “Yangikent” MFY aholisiga Davlat xizmatlari agentligi Jizzax viloyati boshqarmasi tomonidan rejaga muvofiq mobil xizmatlar ko‘rsatildi. Boshqarma boshlig‘i A.Ergashev tomonidan aholining murojaatlari qabul qilinib, elektron raqamli imzo kalitini olish, kadastr, uy-joy, FHDYO, nikoh, ajrim masalalari yuzasidan 70 ga yaqin murojaat qabul qilindi. Ularning 65 foizi joyida ijobiy hal qilindi. Nikoh, ajrim va uy-joy ajratish to‘g‘risida ko‘tarilgan masalalar mutasaddi idoralarga yo‘llanib, ularga huquqiy maslahatlar berildi.  


Sharof Rashidov tumani “Mo‘lkanlik” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi oilaviy tadbirkor Dilrabo Xodjayeva tikuv sexi ochib, 30 ta yangi ish o‘rni yaratdi. Bandligi ta’minlanganlarning asosiy qismi shu mahalladagi “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan xotin-qizlardir. Bu yerda tayyorlanayotgan ayollar, erkaklar va bolalar kiyimlari Toshkent, Samarqand va Jizzax bozorlarida xaridorgirligi sabab, oilaviy tadbirkor Dilrabo Xodjayeva sex faoliyatini yana kengaytirib, mahsulot miqdori, turi va sifatini oshirishni rejalashtirgan. Bu yana qo‘shimcha ish o‘rni deganidir.  


A.Qayumov,  
J.Yorbekov (surat), O‘zA