Arnasoy tumanida “Yosh adabiyotchilar” oyligi doirasida ulug‘ mutafakkir Mir Alisher Navoiy hazratlarining 581, shoh va shor Zahiriddin Muhammad Boburning 539 yilligiga bag‘ishlangan madaniy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Unda tumandagi barcha davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyachi va tarbiyalanuvchilarning sahna ko‘rinishlari, Mir Alisher Navoiy hamda Zaxiriddin Muhammad Bobur g‘azallariga bastalangan qo‘shiqlari ijro etildi.
Shuningdek, tuman xalq ta’limi bo‘limiga qarashli 1-sonli umumta’lim maktabida navbatdagi milliy o‘quv dasturi bo‘yicha o‘quv amaliy seminar o‘tkazilib, unda tumandagi barcha maktablarning boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari ishtirok etdi.
* * *
Do‘stlik tuman axborot kutubxona markazi tomonidan umumta’lim maktablari o‘quvchilari o‘rtasida shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va ijodiga bag‘ishlangan ko‘rik-tanlov tashkil etdi.
Buyuk davlat arbobi, olim va shoir tavalludining 539 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tanlovda tumandagi 13-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilari 1-o‘rinni egalladi.
* * *
Paxtakor tumani hokimi 1-sektor hududi “Chamanzor” qishloq fuqarolar yig‘inida yashovchi “Ayollar daftari” hamda “Yoshlar daftari” ro‘yxatida turuvchi yoshlar bilan hokim yordamchisi, mahalla yoshlar yetakchisi, sektor kotibi ishtirokida davra suhbati o‘tkazdi.
Uchrashuvda 30 sotixdan ekin ekish uchun yer maydoni ajratilishi, o‘z tadbirkorligini boshlamoqchi bo‘lgan yoshlarga banklardan kredit mablag‘lari olishi borasidagi tartib-qoidalar to‘g‘risida huquqiy maslahatlar berildi.
* * *
Zarbdor tumani hokimligi tashabbusi bilan tuman madaniyat bo‘limi va tuman tibbiyot birlashmasi shifokorlari Yangiobod tumanidagi “n” harbiy qismdagi chegarachilarning oila a’zolarini chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi. Shuningdek, muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan chegarachi askarlar bilan davra suhbati tashkil etilib, tadbir so‘ngida harbiylar va ularning oila a’zolari uchun konsert dasturi namoyish etildi.
* * *
G‘allaorolda yoshlarni ommaviy sportga jalb qilish, ularni sport sohasiga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish maqsadida maktab o‘quvchilari o‘rtasida “Quvnoq startlar” sport musobaqasi tashkil etildi. Bellashuvda tumanning 23 ta umumta’lim maktabi o‘quvchi-yoshlaridan tashkil topgan jamoalar ishtirok etdi. G‘olib va sovrindorlarga “Yoshlik” jismoniy tarbiya va sport jamiyatining diplom va esdalik sovg‘alari topshirildi.
* * *
Sharof Rashidov tumani hokimi M.Xolbo‘tayev 1-sektor hududidagi mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi hokim yordamchilari va yoshlar yetakchilarining mahallalardagi vakillari bilan uchrashdi. Uchrashuv davomida mahallalardagi hokim yordamchilari o‘z tajriba va malakasidan kelib chiqqan holda, o‘zlariga biriktirilgan mahallalarda amalga oshirgan ishlari haqida axborot berdi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA