Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
08:34 / 2022-01-18

Zomin tumani yosh kurashchilari Guliston shahrida sportning erkin kurash turi bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida o‘tgan Sirdaryo viloyati ochiq chempionatida umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Bahslardan qaytgan sportchilar munosib kutib olindi.

Tuman hokimligi, turizm va sport, Yoshlar ishlari agentligi tuman bo‘limlari tomonidan Gulistondagi musobaqada 3 ta birinchi, 2 ta ikkinchi va 4 ta uchinchi o‘rinlarni egallagan zominlik erkin kurashchilar tantanali kutib olinib, qimmatbaho va esdalik sovg‘alari topshirildi.

* * *

Mirzacho‘l tumanida O‘zbekiston Qizil Yarim oy jamiyati hamda Xitoy Qizil Xoch tashkiloti hamkorligida Jizzax viloyati QYAOJ va uning Mirzacho‘l tuman bo‘linmasi xodimlari tomonidan “Tabiiy ofatlarda boshqarish” loyihasi doirasida seminar-trening bo‘lib o‘tdi.

Tadbir ishtirokchilariga tabiiy ofatlarda birinchi yordam ko‘rsatish va unda xalqaro huquq normalariga amal qilish yuzasidan ham amaliy va nazariy tushunchalar berildi.

* * *

Do‘stlik tumani hokimi aholi bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Unda yigirmaga yaqin fuqaro o‘zlarini qiynab kelayotgan muammolarini bayon etdi.

Uchrashuv chog‘ida aholi tomonidan asosan – uy-joy, bandlik, moddiy yordam masalalari o‘rtaga tashlanib, har bir murojaat bo‘yicha tuman hokimi tomonidan zarur chora-tadbirlar belgilandi.

* * *

“Huaxin cement Jizzakh” mas’uliyati cheklangan jamiyatida sifatli va qimmatbaho qurilish mahsuloti “portlandsement” ishlab chiqarish to‘liq yo‘lga qo‘yildi.

Jizzax viloyat statistika boshqarmasining ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan 2021 yilda “Huaxin cement Jizzakh” MCHJ tomonidan 910 milliard 400 million so‘mlik 1 million 659 ming 700 tonna “portlandsement” mahsuloti ishlab chiqarilgan.

* * *

Forish tumanidagi mavjud 25 ta MFY va QFYlarida 16 ming 238 nafar 30 yoshdan oshgan xotin-qiz istiqomat qilib, ularning muammolarini yangicha “mahallabay” tizimida hal etish va ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Ayollar daftari”ning 3-bosqichi shakllantirilmoqda.

Tumandagi har bir mahallada 8 kishidan iborat ishchi guruhlari tuzilgan bo‘lib, xotin-qizlar muammolarini o‘rganish maqsadida xonadonma-xonadon yurilib, xatlov o‘tkazilmoqda. Ayni paytga qadar, 9 ming 600 nafar xotin-qizlar xatlovdan o‘tkazilib, anketa so‘rovnomalari to‘ldirildi.

* * *

G‘allaorol tumanidagi 44-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Jizzax viloyati qo‘riqlash boshqarmasi va uning tuman bo‘limi, tuman turizm va sport bo‘limi bilan hamkorlikda sportning kamondan otish turi bo‘yicha mahorat saboqlari va tuman ochiq birinchiligi musobaqasi o‘tkazildi.

Musobaqada 14-15 yoshli qizlar va o‘smir bolalar hamda uyushmagan yoshlar ishtirok etib, g‘olib va sovrindorlar diplom, medal va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA