O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan Jizzax viloyati favqulodda vaziyatlar boshqarmasida bayram tadbiri o‘tkazildi. Unda Bosh qomusimizning yaratilish tarixi, uning inson huquq va erkinliklarini ta’minlashdagi ahamiyati haqida so‘z yuritildi.
Shuningdek, bayram munosabati bilan bir guruh harbiy xizmatchilarga navbatdagi harbiy unvonlar topshirilib, xizmat davomida yuqori natijalarga erishgan xodimlar faxriy yorliq, qimmatbaho sovg‘alar va pul mukofotlari bilan taqdirlandi.
* * *
“Mening armiyam – mening faxrim” shiori osida o‘tkazilayotgan aksiyaning navbatdagi tadbiriga Paxtakor tumani mezbonlik qildi.
Ushbu aksiya O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi hamda “Yoshlar forumi – 2021” haftaligi munosabati bilan Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya hamda O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan tashkil qilindi.
* * *
Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi xotin-qizlar jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda sohada xizmat qilayotgan ayol xodimlar bilan ishlash, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, bu boradagi faoliyatni samarali tashkil etish masalasi ko‘rildi.
Shuningdek, “Kasbiy tayyorgarlik oyligi” doirasida o‘quv mashg‘ulotlari uyushtirildi.
* * *
Mirzacho‘l tumani 2-sektor rahbari J.Qo‘shilov va mas’ul xodimlar ishtirokida suv ta’minoti masalasi joylarda o‘rganilganida “Mirzadala” SHFYda aholini ichimlik suv bilan ta’minotini yaxshilash yuzasidan joriy yilda tuzilgan dastur asosida suv tarmog‘i va suv inshootlarini ta’mirlash rejalashtirilgan edi. Ayni paytda, tender g‘olibi “Karshan Mediya” MCHJ tomonidan 140 metrga suv quvurlarini yotqizish va suv haydash inshootlarini ta’mirlash ishlari olib borilmoqda. Ushbu xayrli ish amalga oshirilgach, “Mirzadala” mahallasida yashovchi 5 ming nafar aholi toza ichimlik suv bilan to‘liq ta’minlanadi.
* * *
Forish tuman yuridik xizmat ko‘rsatish markazi xodimlari tomonidan Jizzax viloyati adliya boshqarmasi, viloyat xalq ta’limi boshqarmasi bilan hamkorlikda tumandagi 5-, 22- va 33-umumta’lim maktablarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi munosabati bilan “Konstitutsiya – huquqlarimiz kafolati” mavzusida konstitutsiya darslari o‘tkazildi.
Dars jarayonida o‘quvchilarga Bosh Qomusimiz va uning hayotimizda tutgan o‘rni, keyingi yillarda konstitutsiyamizga kiritilgan o‘zgartishlar, asosiy Qonunimizda belgilangan huquq va burchimiz haqida batafsil ma’lumot berildi.
* * *
3 dekabr – Xalqaro nogironlarni himoya qilish kuni munosabati bilan Zomin tumani umumta’lim maktablaridagi yoshlar yetakchilari tomonidan tumandagi uyda ta’lim oluvchi o‘quvchi yoshlar holidan xabar olish xayriya aksiyalari tashkil etildi. Jumladan, tumandagi 54-sonli umumta’lim maktabi yoshlar yetakchisi va maktab sardorlari birgalikda “Nurlikent” MFYda yashovchi, 2-guruh nogironi Gulnoza Musurmonova xonadonida bo‘ldi va uni bayram munosabati bilan tabriklab, ta’lim olishida zarur bo‘lgan o‘quv qurollari jamlanmasini sovg‘a qildi.
A.Qayumov,
J.Yorbekov (surat), O‘zA