Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati sanoati: pandemiyagacha va karantin yumshatilgandan soʻng nima oʻzgardi?
17:36 / 2020-09-07

Pandemiya boshlanishida Jizzax viloyatida 679 ta korxona faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan, 316 ta korxona 25 foiz, 576 tasi 50 foiz quvvatda ishlay boshlagan edi.


Pandemiya boshlanishida Jizzax viloyatida 679 ta korxona faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan, 316 ta korxona 25 foiz, 576 tasi 50 foiz quvvatda ishlay boshlagan edi. 

Bosqichma-bosqich karantin talablarining yumshatilishi natijasida vaqtincha faoliyatini toʻxtatgan korxonalarda toʻliq ishlab chiqarish boshlandi.

Koronavirus insoniyat tarixiga eng halokatli pandemiya sifatida kirib boʻldi. Dunyo hamjamiyatining koʻrgan ehtiyot choralari, mislsiz katta mablagʻ va kuch sarflanishiga qaramay pandemiya barchaga va barcha sohalarga katta zarar yetkazdi.

Ammo ona zaminimizda hayot toʻxtab qolgani yoʻq. Yashash uchun kurash, moddiy neʼmatlar yaratish, eskilari oʻrniga yangilarni barpo etish davom etmoqda. Bu oddiy hayotiy jarayondan hech bir soha, hech birimiz chetda emasmiz. Faqat maʼlumotlarda, hisob-kitoblarda, davriy qiyoslovlarda “pandemiya karantinigacha”, “ karantin davrida” , “karantin yumshatilgandan soʻng” kabi qoʻshimcha atamalar paydo boʻldi.

Bugun karantin talablari biroz yumshatilgan nuqtadan turib pandemiya kirib kelishi bilan harakatlar cheklovlar boshlangan joriy yil 1-aprelidan soʻng oʻtgan davrda hududlarda, sohalarda yuz bergan oʻzgarishlarni sarhisob qilish imkoniyati yaratildi.

Shu nuqtayi nazardan bu qiyin davr Jizzax viloyati iqtisodiyotida, xususan sanoat tarmogʻida ham oson kechayotgani yoʻq albatta.

Davlatimiz tomonidan karantin davrida soliq va boshqa toʻlovlar boʻyicha belgilangan yengilliklar koʻpchilik korxonalarni iqtisodiy inqirozdan saqlab qoldi. Jumladan, koronavirus pandemiyasi karantini davrida ishlab chiqarish quvvati kamayib ketgan korxonalarga qoʻshimcha qiymat soligʻi qaytarilishi ularning faoliyatini tiklashda katta moliyaviy madad boʻldi.

Masalan, Jizzax shahridagi “Jizzax Toshtepa textile” korxonasiga karantin davrida asosiy buyurtmachi boʻlgan Rossiya Federatsiyasi tomonidan mahsulotga buyurtma vaqtincha toʻxtatildi. Bu korxona daromadining asosiy qismini yoʻqotishiga olib keldi.

Joriy yil boshidan buyon eksportyor korxonaga qoʻshilgan qiymat soligʻi oyma-oy qaytarilishi bu qiyinchilikni bartaraf etishda muhim omil boʻldi. Har oy yakuni bilan 800 million soʻm qaytarilgan QQS korxonaning ish oʻrinlarini va ishlab chiqarish quvvatlarini saqlab qolish imkonini berdi.
Natijada may oyidan boshlab korxonaning 1 ming 300 nafar ishchisi yana ish oʻrniga qaytdi. Ayni paytda korxonada ishlab chiqarish jarayoni oʻz maromiga tushmoqda. Ishlab chiqarish qayta yoʻlga qoʻyilishi tufayli korxona Rossiyadagi hamkorlariga shartnomada koʻzda tutilgan tayyor mahsulotlarni joʻnatishga muvaffaq boʻldi.

Bunday misollar koʻp. Viloyatda pandemiya karantin davrida faoliyati vaqtincha toʻxtatib qolgan oʻnlab korxonalar qayta ishga tushishida davlatimiz tomonidan berilgan soliq toʻlovlari boʻyicha va boshqa yengilliklar muhim ahamiyatga ega boʻlmoqda.

2020-yil 1-aprel holatiga koʻra viloyatda 2 ming 876 ta sanoat korxonalari faoliyat koʻrsatib kelayotgan edi. Hukumatimiz tomonidan korxonalarni pandemiya sharoitida qoʻllab-quvvatlash boʻyicha belgilangan chora-tadbirlarning izchil amalga oshirilishi tufayli ishlab chiqarish asosiy koʻrsatkichlarini saqlab qolishga erishildi.

Viloyat boʻyicha birinchi yarim yillikda 2,7 trillion soʻmlik mahsulot ishlab chiqarilib, oʻsish 102,0 foizni tashkil etdi.

Sanoat mahsulotlarining asosiy qismi, yaʼni 2,4 trillion soʻmi qayta ishlash sanoati hissasiga toʻgʻri keldi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti rahbarligida 2020-yil 12-avgustda oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida berilgan topshiriqlardan soʻng viloyat hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruhi tomonidan hududdagi mavjud 3 ming 275 ta sanoat korxonalarining haqiqiy holati oʻrganildi.

– Oʻrganish davomida har bir korxona boʻyicha maxsus anketa toʻldirilib, ularning faoliyatiga aniqlik kiritildi, – dedi viloyat hokimining birinchi oʻrinbosari Nodirbek Rajabov ommaviy axborot xodimlari bilan uchrashuvda. – Natijada viloyatdagi 427 ta korxona 100 foiz, 220 tasi 75 foiz, 152 tasi 50 foiz, 110 tasi 25 foiz quvvatda ishlayotganligi maʼlum boʻldi. 

Endi har bir sektor rahbarining qoʻlida hududidagi korxona quvvati, undan foydalanish darajasi, ishchilar soni, muammo va takliflari, mahsulot va xom-ashyo qoldiqlari kabi maʼlumotlar paydo boʻldi. Bu har bir korxonaning mahsulot ishlab chiqarish istiqbollarini belgilab olish imkoniyatini yaratdi. Yana bir muhim jihat anketa – legalizatsiya, “xufiyona” iqtisodiyotga qarshi kurashish, muammolarga yordam berish hamda soliq tushumlarini oshirish boʻyicha qilinishi lozim boʻlgan ishlarni koʻrsatib berdi.

Viloyat zamini tabiiy foydali qazilmalarga boyligi hudud iqtisodiyotini rivojlantirish surʼatlarini oshirishning katta imkoniyatlaridan hisoblanadi. Hududda 94 ta noruda qazilma konlari mavjud.

Ayni paytda foydalanilmayotgan 53 ta noruda foydali qazilma konlari faoliyatini yoʻlga qoʻyib, qurilish materiallari ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish ustida ish olib borilmoqda. Natijada 5 ta qurilish toshlari, 2 ta ohaktosh, 6 ta sement, 20 ta pishirilgan gʻisht, 1 ta oʻtga chidamli materiallar, 1 ta gips, 2 ta keramzit, 4 ta qurilish-qumi, 3 ta tabiiy qoplama toshlar, 3 ta qum-shagʻal, 3 ta marmarli oniks, 1 ta plotin, 1 ta vollasstonit va dala shpati, 1 ta shisha xom-ashyosi uchun xom ashyo konlari ishga tushiriladi.

Gʻallaorol, Zafarobod, Sh.Rashidov tumanlarida bogʻlovchi, devorbop, tabiiy pardozbop va issiqlik saqlovchi materiallar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish yoʻnalishlari tanlab olindi. Natijada qurilish materiallari sohasida qiymati 4,3 trillon soʻmlik 65 ta loyiha amalga oshirilishi boshlandi. Shu hisobdan 1,8 mingta yangi ish oʻrinlari yaratiladi hamda 8 million dollarlik import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi.

Bundan tashqari Sh.Rashidov tumanidagi “Jizzax” EIZ hududida “ADM Jizzakh” MCHJ tomonidan 2020-yil 1-oktyabrga qadar 74 million dollar investitsiyalar oʻzlashtirilishi hisobiga yiliga 13,5 ming dona “Renault”, “KIA”, “Lada” rusumli avtomobillar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi.

Keyingi bosqichda ushbu hududni avtomobil sanoati zonasiga aylantirish hamda mahalliy korxonalar tomonidan avtomobillarning butlovchi va ehtiyot qismlarini ishlab chiqarilishi oʻzlashtirilib, mahalliylashtirish darajasini 30 foizga yetkazish rejalashtirildi.

Viloyat yengil sanoatni, xususan, toʻqimachilikni iqtisodiyotning yetakchi tarmogʻiga aylantirish imkoniyatlari katta. Tarmoqdagi mavjud imkoniyatlarni inobatga olgan holda qiymati 2,6 trillion soʻmlik 31 ta loyiha amalga oshirilishi va 8,2 mingta yangi ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirildi.

Natijada, qoʻshimcha quvvatlar yaratilishi hisobiga ip-kalavani qayta ishlash darajasi 60 foizga yetkaziladi. Shuningdek, 14 ming tonna trikotaj mato, 13 million metr ip gazlama, 62 million dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlari yaratiladi.

Shu bilan birga Jizzax shahri, Paxtakor, Zomin, Arnasoy va Zarbdor tumanlaridagi mavjud toʻqimachilik korxonalari tomonidan “Gloria Jeans”, “Baby style”, “Blagof” xorijiy brendlari bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilishi toʻqimachilik mahsulotlari eksporti hajmlari 1,8 barobarga oshirilib, 190 mln dollarga yetkazilishi koʻzda tutilmoqda.

Bugun yurtimizda avji pishiqchilik. Oʻtgan yili kuzda va erta koʻklamda dehqonchilikka, tomorqa xoʻjaliklariga berilgan katta eʼtibor tufayli ziroatchilikning barcha turidan moʻl hosil yetishtirilib, qayta ishlash sanoatining gurkirab ishlashi uchun katta imkoniyat yaratdi.

Biroq bugungi kunda hududda yetishtirilgan meva-sabzavot mahsulotlarining atigi 1,2 foizi qayta ishlanmoqda. Ichki isteʼmol va eksportdan tashqari viloyatda jami 531,8 ming tonna mahsulot, shu jumladan 87,8 ming tonna meva, 411,5 ming tonna sabzavot, 32,4 ming tonna uzum qolmoqda.

Pandemiya sharoitida va undan keyin ham qayta ishlangan konservatsiya mahsulotlariga talab chetga va ichki bozorda oshishi kutilmoqda. Innovatsion, energiya tejamkor va dunyo standartiga mos texnologiyalarni joriy qilish natijasida viloyatda yangi loyihalarning ishga tushirilishi hisobiga meva-sabzavotni qayta ishlash darajasi 5,7 foizga yetkazilishi ustida ish olib borilmoqda.

Bugungi rejalarning barchasi faqat moʻljalning oʻzigina emas, aniq harakatlarning hosilasidir. Avval hammasi – hudud, bajariladigan ish, bajaruvchi, sarmoyador, tayyor mahsulot xaridori aniq boʻlgan loyihalar. Demak, natijalar ham shunday boʻladi.

Chunki pandemiya karantini yumshatilgandan soʻnggi vaziyat mavjud imkoniyatlardan avvalgi yillarga qaraganda bir necha marta samarali foydalanishni taqozo etayotir. Respublikamizning markaziy hududida joylashgan viloyatda sanoatni rivojlantirishdagi ishlar bugunning ana shu talabi asosida amalga oshirilmoqda.