Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati qurilish materiallari bo‘yicha xalqaro forumga mezbonlik qiladi
14:31 / 2024-04-24

Joriy yilning 26-aprel kuni Jizzax viloyati Forish tumanida “O‘zsanoatqurilishbank” va “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi hamkorligida “Bazalt asosli mahsulotlarni iqtisodiyotning turli sohalarida qo‘llash samaradorligi” mavzusida xalqaro forum o‘tkaziladi.

Tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 8-9-aprel kunlari Jizzax viloyatiga tashrifida “Basalt Uzbekistan” klasteri tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar afzalliklarini keng targ‘ib etish, ilmiy-tadqiqot ishlarini jadallashtirish hamda tashqi bozorga chiqishni yanada faollashtirish bo‘yicha berilgan vazifalar asosida tashkil etilmoqda.

Forumda yirik buyurtmachilar, qurilish korxonalari, loyihalash institutlari va boshqa manfaatdor vazirlik, idoralar vakillari, mahalliy va xorijiy ishbilarmonlar, shuningdek, Janubiy Koreya, Italiya, Chexiya, Turkiya, Rossiya kabi davlatlardan mutaxassislar ishtirok etadi.

Forum dasturiga ko‘ra ishtirokchilar O‘zbekistonda bazalt asosida innovatsion qurilish materiallari ishlab chiqarish holati va istiqbollari, mahsulot sifati va xususiyatlari hamda bu boradagi jahon standartlari, ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan izlanishlar va yangiliklar, ilg‘or texnologiya va uskunalar haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘ladilar.

O‘zA