Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati: Prezident tashabbusi amalda
16:38 / 2025-07-04

Jizzax viloyatida ham Prezidentimiz tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Dolzarb 90 kun” dasturi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Davlatimiz rahbari tomonidan ko‘tarilgan ushbu tashabbus yoshlarda faol hayotiy pozitsiyani shakllantirish, ularning bilim va salohiyatini oshirish, ijtimoiy mas’uliyatni kuchaytirishga qaratilgan. Ana shu maqsadda viloyatdagi mavjud 560 ta umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘quvchi-yoshlar uchun bir qator ma’naviy-ma’rifiy, ilmiy, ijodiy va sport tadbirlari tashkil etilmoqda.

Viloyatning shahar va tumanlaridagi 92 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabida tashkil etilgan kunduzgi sog‘lomlashtirish oromgohlariga 5405 nafar o‘quvchi, qolgan umumiy o‘rta ta’lim maktablarida “Yoz – 2025” sport musobaqalariga 5100 nafar, 14 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabidagi to‘garaklarga 2187 nafar, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida faoliyat ko‘rsatayotgan 125 ta repetitorlik va ijodiy to‘garaklarga 3124 nafar o‘quvchi qamrab olingan.

Shuningdek, 58 ta “Barkamol avlod” va “Kitobxonlik festivali”, “Turon” maktab teatri hamda ‘‘Iqtidor’’ maktab ansambl jamoalariga 1587 nafar o‘quvchi va boshqa 140 ta ma’naviy-madaniy tadbirlarga 4192 nafar o‘quvchi-yoshlar jalb qilingan. 

“Dolzarb 90 kun” dasturining joylardagi ijrosini o‘rganish maqsadida Paxtakor tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli ta’lim muassasalariga xizmat safari uyushtirdik. 

[gallery-24157]

Biz o‘rganishni boshlagan Paxtakor tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi 11-sonli umumta’lim maktabida 631 nafar o‘quvchi tahsil olar ekan. Shulardan 430 dan ortig‘i “Dolzarb 90 kun”lik tadbirga qamrab olingan. Maktabdagi turli fan, madaniyat, sport to‘garaklari hamda “Besh tashabbus” doirasida faoliyat olib borilayotgan boshqa to‘garaklar o‘quvchi-yoshlar bilan gavjum. 

– Men ushbu 11-sonli umumta’lim maktabining 6-sinfini a’lo baholarga tugatib, 7-sinfga o‘tdim, – deydi Sardor Sayfullayev. – Avvallari, butun yozgi ta’til davomida tengqur do‘stlarimiz bilan nima qilishimizni, qayerga borishni bilmay, kun bo‘yi ko‘cha changitib yurardik. Bu yil biz o‘quvchi-yoshlar uchun Prezidentimiz tashabbusi bilan “Dolzarb 90 kun” dasturi ishlab chiqilgani juda zo‘r bo‘ldi. Maktabimizda yozgi kanikul davrida ona tili, matematika, tarix, huquq, biologiya, ingliz tili, kompyuter savodxonligi kabi fan to‘garaklari tashkil etilgan. 

Eng quvonarlisi, ushbu maktabni bitiruvchilaridan tashqari, barcha sinf o‘quvchilari oldindan tuzilgan reja-grafik asosida mazkur to‘garaklarga to‘liq jalb etilgan. Bu esa bolalarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishda, ularni foydali mashg‘ulotlarga yo‘naltirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Mazkur ta’lim muassasasida yuqori sinf o‘quvchilaridan tashkil topgan “Turon” maktab teatri hamda ‘‘Iqtidor’’ maktab ansambli qoshidagi Bolalar qo‘g‘irchoq teatri yozgi ta’til davomida kichik yoshdagi o‘quvchilar uchun sahna asarlari namoyish etib boradi.

– Muhtaram yurtboshimiz tashabbusi bilan ishlab chiqilgan “Dolzarb 90 kun” dasturi barcha umumta’lim muassasalari kabi bizning maktabimizda ham izchillik bilan amalga oshirilmoqda, – deydi 3-sonli umumta’lim maktabi boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi Boburjon Nusratullayev. – Shu tadbirlar natijasi o‘laroq o‘quvchilarimizning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish, ularning aqliy va jismoniy salohiyatini yuksaltirish, sog‘lom raqobat asosida kamol topishlari ta’minlanmoqda. Ana shu maqsadda tashkil etilgan to‘garaklarimizga o‘quvchilarning 70-75 foizi qamrab olingan. O‘zim rahbarlik qilayotgan boshlang‘ich sinflar uchun matematika, ona tili va o‘qish fan to‘garaklarida mashg‘ulotlar “4-K” modeli asosida o‘rgatilmoqda. 

Muxtasar qilib aytganda, Paxtakor tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi tasarrufidagi umumta’lim maktablari o‘quvchilari “Dolzarb 90 kun” dasturi doirasida yozni juda ham maroqli o‘tkazmoqda.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/K-9eIe3j64s" title="Jizzax viloyati: Prezident tashabbusi amalda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

A.Qayumov, J.Yorbekov (video, surat), O‘zA muxbirlari