Jizzax viloyati: istiqlol va istiqbol
“Jizzax” maxsus industrial zonasida xorijiy investitsiyalar ishtirokida jami qiymati 158,2 million dollar bo‘lgan 24 yirik sanoat loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ayni paytgacha 63,6 million dollarlik 21 loyiha ishga tushirildi.
Shu kunlarda xalqimiz eng aziz, eng ulug‘ bayram – Vatanimiz mustaqilligining 25-yilligini nishonlashga qizg‘in hozirlik ko‘rmoqda. Prezidentimizning shu yil 2-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma besh yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq “Go‘zal va betakrorimsan, muqaddas Vatanim, jonim senga fido, O‘zbekistonim!” shiori ostida mamlakatimizda turli madaniy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.Bunday dilkash uchrashuv va muloqotlarda mustaqillik va uning mazmun-mohiyati, ahamiyati, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar berayotgan yuksak samaralar, bugungi tinch va farovon hayotimizni asrab-avaylash, uning qadr-qimmati hayotiy misollar vositasida tushuntirilmoqda.
Mustaqillik bergan ulkan imkoniyatlar samaralari Jizzax viloyatida ham o‘z ifodasini topmoqda. Shahar va qishloqlarimiz zamonaviy qiyofa kasb etib, xalqimizning turmush darajasi tobora yuksalib bormoqda. Chunonchi, 2016-yilning birinchi yarmida viloyatda yalpi hududiy mahsulot 9,5 foizga o‘sdi. Sanoatda 13,7, qishloq xo‘jaligida 5,6, qurilishda 12,8, chakana savdo aylanmasida 14,2 foiz o‘sishga erishildi.
Davlatimiz rahbarining 2013-yil 19-iyun kuni Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida hududda ishlab chiqarishni kengaytirish, yengil sanoat sohasini rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratish hisobidan paxta tolasini qayta ishlashga ixtisoslashgan loyihalarni ko‘paytirish, viloyat markazi qiyofasini tubdan o‘zgartirish, shaharda aylanma yo‘l qurib, ko‘chalarni unga tutashtirish, shahar ichida yangi magistral yo‘llar, zamonaviy ko‘p qavatli uylar, istirohat bog‘lari barpo etish, muhandislik-kommunikatsiya va irrigatsiya tarmoqlarini yanada yaxshilash bo‘yicha bergan tavsiyalari asosida shaharning bosh rejasi qayta ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 30-sentabrdagi “2030-yilgacha Jizzax shahrining bosh rejasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori va shu asosda ishlab chiqilgan maxsus dasturga ko‘ra viloyatda keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Shaharning Mustaqillik ko‘chasi 50 metrgacha kengaytirilib, pastqam va ko‘rimsiz binolar o‘rnida 34 ko‘p qavatli, ko‘rkam uy-joylar qad rostladi. Alisher Navoiy, Buyuk Turon, Sh.Rashidov ko‘chalarida qurilish va rekonstruksiya ishlari jadal olib borilmoqda. Hozirga qadar 17 kilometr avtomobil yo‘li yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi. “So‘g‘diyona” stadioni o‘rnida 11 ming 650 tomoshabinga mo‘ljallangan zamonaviy futbol maydoni, 2 sport zali va suzish havzasi, o‘nga yaqin an’anaviy sport turlari bilan shug‘ullanishga mo‘ljallangan maxsus zallardan iborat zamonaviy “So‘g‘diyona” futbol – yengil atletika sport arenasi qad ko‘tardi.
Markaziy ko‘chalar bo‘yidagi eski, bir qavatli uylar va noturarjoy obyektlar o‘rnida qurilishi rejalashtirilgan 57 ko‘p qavatli zamonaviy uyning 42 tasida qurilish ishlari yakunlandi, 15 tasi joriy yil oxirigacha o‘z egalariga topshiriladi.
Shahardagi uchta yirik bozorda qayta qurish va rekonstruksiya ishlari amalga oshirilib, sotuvchi va xaridorlar uchun qulay sharoit yaratildi. Qadimiy Ko‘kbozor o‘rnida ochiq aksiyadorlik jamiyati shaklidagi yangi “Markaziy dehqon bozori” barpo etildi. Bozorning 5 ming 400 kvadrat metr savdo maydoniga ega qishloq xo‘jalik mahsulotlari pavilyonida 1 ming 152 savdo o‘rni tashkil etildi.
“Eski shahar dehqon bozori” va “Eski shahar buyum bozori”da ham keng ko‘lamli qurilish-rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Har ikki bozorni sharqona va zamonaviy savdo madaniyati talablari asosida qayta qurishda bu yerdagi savdo rastalari, do‘konlarning sotuvchi va xaridorlarga har tomonlama qulay bo‘lishi, sanitariya-gigiyena, texnik, xavfsizlik talablariga to‘liq javob berishiga alohida e’tibor qaratildi. Boshqacha aytganda, mustaqillik yillarida barpo etilgan bozorlar ilgarigidek faqat savdo majmuasi emas, shahar obodligi, xalqimiz farovonligining ko‘zgusiga aylandi.
Sobiq tuzum davrida qurilgan, shahar ekologiyasiga katta zarar keltirgan ohak zavodi shahar tashqarisiga ko‘chirilib, uning o‘rnida yashil hudud, bog‘ va gulzorlar tashkil etildi. Tashlandiq yer o‘zlashtirilib, Navro‘zbuloq bolalar bog‘i barpo etildi. O‘tgan yili to‘rt gektar maydonda Keksalar bog‘i dam olish maskani qurildi. Istiqlol bolalar bog‘i, Hamid Olimjon xiyobonida keng ko‘lamli qurilish-rekonstruksiya va obodonlashtirish ishlari bajarildi.
«Orom» favvoralar majmuasi, Bog‘ishamol, Sangzorko‘l dam olish maskanlari, Istiqlol bolalar bog‘i, Forum majmuasi, Favvoralar xiyoboni shaharliklar va mehmonlar sayr qiladigan, hordiq chiqaradigan bahavo, xushmanzara joyga aylantirildi.
Umumiy maydoni 65,8 gektar bo‘lgan “Yoshlar shaharchasi”dagi Yoshlar sayilgohi, Yoshlar bog‘i, Yoshlar markazi, shuningdek, «O‘rda» yoshlar ekologik bog‘i doim gavjum. Umumxalq bayrami va sayillar o‘tkazish hamda aholining dam olishiga mo‘ljallangan bu zamonaviy va soya-salqin maskanlar Jizzaxning o‘ziga xos tashrif qog‘oziga aylandi, deyish mumkin.
O‘tgan yili Navoiy va Mustaqillik ko‘chalari oralig‘ida barpo etilgan istirohat bog‘i shaharning diqqatga sazovor joylaridan biriga aylandi. Suvni kamalakning yetti rangida 25 metr balandlikka purkayotgan musiqali favvoralar, bolalar uchun turli o‘yin maydonchalari, attraksionlar, savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalari hamda istirohat bog‘ida yurtdoshlarimiz miriqib hordiq chiqarishmoqda.
Keyingi ikki yilda Jizzax shahrida 17 yangi xiyobon barpo etildi. “Xotira bog‘i” xiyobonida Ikkinchi jahon urushida halok bo‘lgan va bedarak ketgan jizzaxliklarning ism-familiyasi bitilgan “Xotira kitobi” majmuasi qurildi.
Jizzax politexnika institutining 4 qavatli o‘quv binosi va sport zali kapital ta’mirlandi. Bugungi kunda institutning 700 o‘ringa mo‘ljallangan laboratoriya binosida qurilish ishlari davom etmoqda.
Prezidentimizning 2013-yil 18-martdagi “Jizzax” maxsus industrial zonasini barpo etish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, tadbirkorlik subyektlari uchun yaratilgan qulaylik va imtiyozlar mahsulot eksportini ko‘paytirishga xizmat qilmoqda. Mazkur farmonga muvofiq Jizzax shahridan 364 gektar, Sirdaryo viloyatining Sirdaryo tumanidan 150 gektar yer maydoni ajratilib, “Jizzax” maxsus industrial zonasi tashkil etilishi hudud iqtisodiy rivoji va aholi bandligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Jizzax” maxsus industrial zonasida xorijiy investitsiyalar ishtirokida jami qiymati 158,2 million dollar bo‘lgan 24 yirik sanoat loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ayni paytgacha 63,6 million dollarlik 21 loyiha ishga tushirildi.
Markaziy Osiyoda yagona bo‘lgan “Auto Pad Systems” qo‘shma korxonasida yiliga 520 ming dona tormoz kolodkalari, “Roison Home White Goods” qo‘shma korxonasida yiliga 650 mingta televizor, muzlatkich, elektr pechi va kir yuvish mashinasi kabi elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.
Maxsus industrial zona korxonalarida hozirgacha 1100 dan ortiq yangi ish o‘rni tashkil etildi. Uning 60 foizdan ortig‘i kasb-hunar kolleji bitiruvchilaridir. Ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar ichki bozordan tashqari xorijga ham eksport qilinayotir.
“Jizzax” maxsus industrial zonasidagi 14 korxonada o‘tgan yili 102 milliard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib, 6,4 million dollarlik mahsulot eksport qilindi. Ishlab chiqarish, transport, muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini shakllantirish maqsadida qariyb 84 milliard so‘m hajmidagi kapital mablag‘lar o‘zlashtirildi.
Ushbu industrial zonaga olib boruvchi 12 kilometrlik tashqi yo‘llar rekonstruksiyasi yakunlandi. 5,7 kilometr uzunlikdagi ichimlik suvi va 8 kilometr gaz tarmog‘i qurildi, energiya ta’minotini yaxshilash maqsadida 2 taqsimlovchi punkt va 4,6 kilometrlik elektr tarmog‘i qurilishi bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Joriy yilda 7 kilometrlik ichki yo‘llar qurilishi va rekonstruksiyasi oxiriga yetkaziladi.
Jizzax viloyati hududidan 168 kilometrlik xalqaro, 1431 kilometr mahalliy ahamiyatga ega avtomobil yo‘llari hamda 385,9 kilometr temir yo‘l o‘tgan. Xalqaro ahamiyatga ega milliy avtomagistralning nafaqat avtotransport uchun qulay bo‘lishi, balki yo‘lovchilar uchun yo‘l bo‘yida infratuzilma va servis obyektlari qurilishiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
Viloyatimizda 2007-2015-yillarda 102 kilometr yangi temir yo‘l qurildi, 18,3 kilometr temir yo‘l rekonstruksiya qilindi. 137 kilometr xalqaro, 66 kilometr davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llari rekonstruksiya qilindi. 688 kilometr ichki yo‘llar ta’mirlandi. Natijada yo‘llarning yuk ko‘tarish quvvati 10 tonnadan 13 tonnaga oshdi.
Qishloq xo‘jaligida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar ham yuksak samaralar berayotir. So‘nggi 10-yilda viloyatimizda 1,7 ming, jumladan, qoramolchilik yo‘nalishida 484, parrandachilikda 533, baliqchilikda 319, asalarichilik yo‘nalishida 623 loyiha amalga oshirildi.
Chorvachilikni rivojlantirish bo‘yicha qabul qilingan dasturlar natijasida qoramollar bosh soni 1991-yilga nisbatan 825,1 ming boshga, mayda shoxli mollar soni 1727,4 ming boshga ko‘paydi. Germaniya, Polsha va Ukrainadan keltirilgan 2 ming 235 bosh zotdor qoramoldan o‘tgan yillarda 9 ming 647 bosh naslli buzoq olindi.
G‘allaorol tumanidagi “Sangzor parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 150 ming, Zomin tumanidagi “Jizzax poultri” mas’uliyati cheklangan jamiyatida 180 ming parranda parvarishlanmoqda. Ushbu parrandachilik xo‘jaliklari zamonaviy uskunalar bilan jihozlangan bo‘lib, ular tomonidan nafaqat viloyat, balki Toshkent shahri va qo‘shni viloyatlar aholisiga ham arzon va sifatli tuxum yetkazib berilmoqda.
Prezidentimizning meva-sabzavot va uzumchilikni rivojlantirishga qaratilgan farmon va qarorlari ijrosi doirasida bog‘ maydonlari kengaytirilmoqda. Baxmal, G‘allaorol, Jizzax tumanlariga xos bo‘lgan bog‘dorchilik bugun viloyatning boshqa hududlarida ham izchil rivojlanmoqda.
Viloyatimizda 2007-2015-yillarda 720 gektar intensiv bog‘ tashkil etilib, 342 gektarida tomchilatib sug‘orish tizimi joriy qilindi. Ayni paytda yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotlarini qayta ishlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Keyingi 8-yilda 15 go‘sht, 37 sut, 23 meva-sabzavot, 2 jun va 2 terini qayta ishlash korxonasi ishga tushirildi. 30 zamonaviy muzlatkichli omborxona barpo etildi.
Viloyatimizda mustaqillik yillarida yuzlab korxonalar ishga tushirildi. “Jizzax grant tekstil” korxonasida yiliga 2,5 million juft paypoq, “Orzu tekstil” korxonasida yiliga 4 ming tonna trikotaj mato, “Zenatkor temir beton buyumlari” korxonasida yiliga 36 ming metr kub temir-beton buyumlari, “Jizzax noto‘qima” korxonasida yiliga 1,5 ming tonna ip-kalava, “Dashtobod sement” korxonasida yiliga 250 ming tonna sement ishlab chiqarilmoqda.
Tarkibiy qayta o‘zgartirishlarni kengaytirish hisobidan iqtisodiyotning raqobatbardoshligini yanada oshirish, sanoatning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish borasida ham salmoqli yutuqlarga erishilayotir. Xususan, 2015-yilda birgina sanoat sohasida 254 millard so‘m mablag‘ evaziga 213 loyiha amalga oshirildi. 50 korxona modernizatsiya qilindi. Natijada qo‘shimcha 260 milliard so‘mlik 50 dan ortiq turdagi sement, trikotaj mahsulotlari, quyosh batareyalari, akkumulyator monobloklari, fitinglar, tomchilatib sug‘orish jihozlari, sun’iy qoplamali to‘shamalar kabi yangi mahsulotlar ishlab chiqarish o‘zlashtirildi.
Mahalliylashtirish dasturi doirasida joriy yilning birinchi choragida 4 korxonada 6 turdagi 432 millard so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilib,130 ming dollarlik valyuta iqtisod qilindi.
Engil sanoatni rivojlantirish, ishlab chiqarishni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Oxirgi uch yilda yangi korxonalar tashkil etish va mavjudlarini modernizatsiya qilish hisobidan mahsulot ishlab chiqarish va eksport hajmi ko‘paydi. Hududda yetishtirilayotgan paxta tolasining 27,7 ming tonnasi yoki 39,6 foizi shu yerning o‘zida qayta ishlanmoqda.
Iqtisodiyotni erkinlashtirish, tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, chet ellik ishbilarmonlarga qulay investitsiya muhiti yaratish va hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar xorijiy sarmoyalar hajmini oshirish, ilg‘or texnologiyalarni tatbiq qilishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Bu eksportbop va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, eng muhimi, yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi farovonligini yuksaltirishga xizmat qilayotir. Sanoat, jumladan, yengil sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini ko‘paytirish, belgilangan prognoz ko‘rsatkichlari ijrosini ta’minlash natijasida 2015-yilda loyiha qiymati 44,1 millard so‘mlik 40 yengil sanoat korxonasi foydalanishga topshirildi.
2016-2019-yillarda viloyatimizda yengil sanoatni rivojlantirish bo‘yicha 526,3 millard so‘mlik 203 loyihani amalga oshirish va 14 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Joriy yilda amalga oshiriladigan 58 loyiha hisobidan 4 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratiladi. Bir necha yildan buyon bo‘sh turgan “Zilola teks” korxonasi o‘rnida tashkil etilgan “Orzu tekstil SV” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 2016-2017-yillarda 11,5 million dollarlik investitsiya kiritish hisobidan trikotaj mato to‘qish va bo‘yash, tayyor buyumlar, paypoq va momiq sochiqlar ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi. Bu 1500 yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Do‘stlik tumanida “Fresh stayl” mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklidagi xorijiy korxona negizida yiliga 3,5 million dona tayyor trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi bo‘yicha 1500 ish o‘rni tashkil etiladi.
O‘tgan yili 37 korxona tomonidan 58,5 million dollarlik turli tayyor mahsulotlar eksport qilindi. Ip-kalava mahsulotlari, tayyor qurilish materiallari va trikotaj kiyimlar, sherstefon, jun ipi, uy elektr jihozlari, keng turdagi elektrotexnika mahsulotlari qatoriga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti ham qo‘shildi. Hozir xorijda viloyatimiz korxonalarining 11 savdo uyi faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘ttizdan ortiq davlatga mahsulot va xizmatlar eksporti amalga oshirilmoqda.
Mustaqillik yillarida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, ulkan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari samarasida muqaddas Vatanimizda inson qadri aziz, hamma narsa uning baxti va saodati uchun ekani o‘zining amaliy ifodasini topmoqda. Bu yurtdoshlarimiz qalbini faxr-iftixorga to‘ldirib, kuchiga kuch, g‘ayratiga g‘ayrat qo‘shmoqda, yoshlarimizning ezgu intilishlariga qanot bag‘ishlamoqda.
Rustam Kenjayev,
Jizzax viloyati
hokimining o‘rinbosari.