French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati IIB xabarlari – qisqa satrlarda
13:00 / 2026-01-31

Jizzax viloyati hokimligida viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Kengashning kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Jizzax viloyati hokimi Ulug‘bek Mustafoyev raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda kun tartibidagi masalalar yuzasidan viloyat prokurori hamda Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘ining ma’ruzalari tinglandi.

Yig‘ilishda 2025 yilda viloyatda jinoyatchilik holati, uning oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, mavjud muammo va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilindi. Shuningdek, jinoyatlarni fosh etish, qidiruvda bo‘lgan shaxslarni aniqlash va ushlashga qaratilgan tezkor-qidiruv tadbirlarining to‘liqligi hamda qonuniyligi yuzasidan o‘rganishlar natijalari tahlil etildi.

Yig‘ilish yakunida Kengashning tegishli qarori qabul qilinib, huquqni muhofaza qiluvchi organlar oldida turgan kelgusi ustuvor vazifalar belgilab olindi.

***

Jizzax viloyatida qarzdorlik bilan bog‘liq muammolarga qarshi kurashish doirasida Majburiy ijro byurosi hamda viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xodimlari hamkorligida qidiruvda bo‘lgan avtotransport vositalarini aniqlashga qaratilgan reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Reydlar Jizzax shahri va tumanlarining markaziy ko‘chalarida maxsus ishchi guruhlar tomonidan tashkil etildi. Tadbirlar davomida 83 ta avtotransport vositasi jarima maydonchasiga joylashtirildi. Ularning 57 tasi turli sabablarga ko‘ra qidiruvda bo‘lgani aniqlandi.

Ayni paytda ushbu yo‘nalishdagi nazorat tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.

***

Jizzax viloyati IIB, Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamda Zomin tumani IIB huzuridagi qo‘riqlash xizmati xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida qonunbuzarlik holati aniqlandi.

Xususan, Zomin tumanining “Qo‘rg‘on” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi, 1992 yilda tug‘ilgan fuqaro 2,49 gramm og‘irlikdagi “marixuana” giyohvandlik vositasini sotish vaqtida ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Mazkur holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi tergov guruhi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

***

Jizzax viloyati ichki ishlar organlarida xizmat qilayotgan ayol xodimalar o‘rtasida “Kitob tafakkur xazinasi” g‘oyasi asosida “Eng yaxshi kitobxon xodima” tanlovi tashkil etildi.

Jizzax davlat pedagogika universiteti o‘zbek adabiyotini o‘qitish metodikasi kafedrasi dotsenti hakamligida o‘tgan tanlovda ishtirokchilarning mutolaa madaniyati, bilim saviyasi va tahlil qobiliyati baholandi. Natijalarga ko‘ra, birinchi o‘rinni Sharof Rashidov tumani ichki bo‘limi xotin-qizlar jamoasi, ikkinchi o‘rinni G‘allaorol tumani IIB, uchinchi o‘rinni esa Zarbdor tumani IIB xodimalari qo‘lga kiritishdi.

Qayd etilishicha, bunday ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ayol xodimalarning dunyoqarashini kengaytirish, kitobga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirishga xizmat qiladi. Kelgusida ham ushbu yo‘nalishdagi tanlovlarni muntazam o‘tkazib borish rejalashtirilgan.

***

Jizzax viloyati IIB boshlig‘ining o‘rinbosarlari tomonidan Jizzax shahridagi “Madaniyat” hamda G‘allaorol tumanidagi G‘afur G‘ulom mahallalarida kriminogen vaziyat o‘rganildi.

O‘rganishlar jarayonida uch yildan buyon “qizil” toifada bo‘lib kelayotgan “Madaniyat” mahallasi hamda kriminogen ahvoli og‘ir hisoblangan “G‘afur G‘ulom” mahallasi profilaktika inspektorlarining xizmat faoliyati, ish hujjatlari va xizmat xonalari ko‘zdan kechirilib, amaliy yordam ko‘rsatildi.

Shuningdek, “Mahalla yettiligi” a’zolari bilan uchrashuvlar o‘tkazilib, jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, “xonadonbay” hamda “fuqarobay” o‘rganish ishlarini tizimli tashkil etish masalalari muhokama qilindi. 

Ijtimoiy-iqtisodiy ahvoli og‘ir, ishsiz va nizoli oilalar bilan manzilli ishlash orqali birlamchi profilaktika choralarini kuchaytirish bo‘yicha aniq vazifalar belgilab berildi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA