O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “Jizzax viloyatida sanoat va qishloq xo‘jaligi boshqaruvini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Jizzax viloyatida sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalariga investitsiyalarni jalb qilish, ushbu yo‘nalishda keng ko‘lamli islohotlarni yanada jadallashtirish, hududda sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarining iqtisodiy salohiyatini yanada yuksaltirish hamda belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda mahalliy ijro hokimiyati organlari rahbarlarining mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida Jizzax viloyati hojimining o‘rinbosari - viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasi boshlig‘i lavozimi tugatilib, viloyat investitsiyalar, sanoat va savdo boshqarmasida mavjud shtat birliklari doirasida boshqarma boshlig‘i lavozimi saqlab qolinadi.
Jizzax viloyati hokimligi tuzilmasining umumiy shtat birliklari doirasida:
a) hokimning tog‘li hududlar va yaylovlarni rivojlantirish, investitsiya va savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari;
b) hokimning dasht va cho‘l hududlarida sanoatni rivojlantirish, investitsiya va savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimlari kiritiladi.
Quyidagilar Jizzax viloyati hokimligi tuzilmasiga kiritilayotgan hokim o‘rinbosarlarining asosiy vazifalari etib belgilandi:
a) hokimning tog‘li hududlar va yaylovlarni rivojlantirish, investitsiya va savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosarining:
(Tog‘li hududlarda foydali qazilma zaxirasiga ega yer uchastkalarini aniqlash va zarur infratuzilmani yaratish, tog‘-kon sanoati yo‘nalishidagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
tog‘ va yaylov hududlarining sanoat, ishlab chiqarish, turizm, eksport bo‘yicha salohiyatini oshirish, mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish; yaylov hududlarida qishloq xo‘jaligiga mos keladigan "o‘sish nuqtalari"ni aniqlash, chorvachilik, bog‘dorchilik, asalarichilik sohalarini rivojlantirish hamda eksportbop o‘simliklar yetishtirishni yo‘lga qo‘yish;
Tog‘li hududlar va yaylovlarni muhofaza qilish, degradatsiyaga uchragan yaylovlarni qayta tiklash va global iqlim o‘zgarishlariga moslashuvchan ekotizimni yaratish;
b) hokimning dasht va cho‘l hududlarida sanoatni rivojlantirish, investitsiya va savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosarining:
dasht hududlarida yangi imkoniyatlarni aniqlash, zarur infratuzilmani yaratish orqali viloyat sanoatidagi va yalpi ishlab chiqarishga qo‘shadigan ulushini oshirish;
cho‘l hududlarda yerosti suv zaxiralarini aniqlash, ulardan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish orqali qishloq xo‘jaligini rivojlantirish;
dasht va cho‘l hududlarida ekologik infratuzilmani barpo etish, chang bo‘ronlarining oldini olishga qaratilgan "yashil belbog‘lar"ni tashkil etish hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanish maqsadida quyosh panellari fermalari va shamol generatsiyasini ommalashtirish;
dasht va cho‘l hududlaridan foydalanish samaradorligini oshirish orqali hududlarda chorvachilik, quyonchilik, tuyachilikni rivojlantirish bo‘yicha istiqbolli loyihalarni amalga oshirish.
2026 yildan boshlab yangi kiritilayotgan viloyat hokimi o‘rinbosarlarining faoliyati samaradorligini baholashda natijaga yo‘naltirilgan boshqaruv tizimi tajriba-sinov tariqasida joriy etiladi. Bunda:
a) ularga samaradorlikning eng muhim ko‘rsatkichlarini belgilashda tegishli hududlarda sanoatni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha strategik ko‘rsatkichlar va maqsadli indikatorlar ko‘zda tutiladi;
b) faoliyat samaradorligini baholash bo‘yicha KPI ko‘rsatkichlari tasniflanadi (strategik, hudud va tuman), ularning o‘zaro mutanosibligi ta’minlangan holda ishlab chiqiladi;
v) ularning faoliyati samaradorligi KPI ko‘rsatkichlari bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida belgilangan maqsadlarga erishganlik darajasi va natijadorligi bilan baholanadi;
g) KPI ko‘rsatkichlariga erishish bo‘yicha "yo‘l xaritalari" natijaga yo‘naltirilgan boshqaruvga asoslangan chora-tadbirlardan iborat bo‘ladi;
d) KPI ko‘rsatkichlariga erishish natijasi har chorak va yil yakuni bo‘yicha "samaradorlik.gov.uz" elektron platformasida baholanadi.
Qarorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi Jizzax viloyati hokimligida joriy qilingan tajriba-sinovning ijobiy natijalarini boshqa hokimliklarda ham joriy qilish yuzasidan 2026 yil dekabr oyiga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga taklif kiritishi nazarda tutilgan.
O‘zA