Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati hokimi Vengriya kompaniyasi rahbarini qabul qildi
17:17 / 2021-08-12

Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev Vengriya davlatining “VITAFORT Zrt.” kompaniyasining ijrochi direktori janob Xelenbay Jeno hamda Vengriyaning O‘zbekistondagi elchixonasi xodimi janob Vanik Yanosh bilan uchrashdi.

Joriy yilning mart oyi oxirida Vengriya Bosh vaziri janob Viktor Orbanning mamlakatimizga rasmiy tashrifi davomida o‘tkazilgan oliy darajadagi muzokaralardan so‘ng, 2021 yilning 21 may kuni Vengriya Bosh vazirining iqtisodiy masalalar bo‘yicha katta maslahatchisi janob Marton Nad boshchiligidagi Vengriya hukumati delegatsiyasi Jizzax viloyatida bo‘lib, viloyat hokimi Ergash Soliyev bilan uchrashgan edi.

Ana shu uchrashuv davomida tomonlar o‘zaro savdo-iqtisodiy hamkorlik istiqbollari shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish dasturini ishlab chiqish va natijaga erishish bo‘yicha pilot loyihasini amalga oshirish tashabbusini hamda vengriyalik mutaxassislarni viloyatga jalb qilinishi masalalarini ko‘rib chiqqan edi. O‘sha uchrashuv chog‘ida Vengriya tajribasini mintaqa iqtisodiyotini rivojlantirishga jalb qilish bo‘yicha keyingi qadamlar to‘g‘risida ham ikki tomonlama kelishuv muhokama qilingan.

Asosiy e’tibor talab qiladigan iqtisodiyotning ustuvor yo‘nalishlarini yanada modernizatsiya qilish va takomillashtirish nuqtai-nazaridan tomonlar qishloq xo‘jaligi sohasi, ta’lim, erkin iqtisodiy zonalarni boshqarish, viloyat mahsulotlarini chet elga eksport qilishni rag‘batlantirish va boshqa masalalar ko‘rib chiqilgan edi.

Ana shu kelishuvlar ijrosi doirasida Jizzax viloyati hokimligining Anjumanlar saroyida viloyat hokimi bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Vengriyaning “VITAFORT Zrt.” kompaniyasi tomonidan Jizzax viloyatida chorvachilik, parrandachilik va baliqchilikka ixtisoslashgan sub’ektlar uchun ozuqa yemlarini ishlab chiqarish loyihasini tashkil etish masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvdan keyin, viloyat hokimi xorijlik mehmonlarni Jizzax “IT Park” filiali faoliyati bilan yaqindan tanishtirdi.

So‘ng investorlar viloyatning Sharof Rashidov tumanidagi “Gold Fish agro” baliqchilik loyihasi va G‘allaorol tumanidagi “Sangzor Parranda” tovuqchilik korxonasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi.

Vengriyalik hamkorlar poytaxt – Toshkentga kuzatib qo‘yildi.

A.Qayumov,O‘zA