Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyati hokimi Janubiy Koreya ishbilarmonlari bilan uchrashdi
22:50 / 2023-02-25

Jizzax viloyati hokimi Janubiy Koreya Respublikasidan kelgan 20 nafardan iborat ishbilarmonlar delegatsiyasi a’zolari bilan uchrashdi.

Anjumanlar saroyida tashkil etilgan uchrashuvda viloyat hokimi Ergash Saliyev hududning investitsion salohiyati haqida koreyalik mehmonlarga atroflicha ma’lumot berdi.

Jizzaxda faoliyat olib borayotgan 215 ta qo‘shma korxonaning 4 tasi Janubiy Koreya Respublikasi bilan o‘zaro hamkorlikda yo‘lga qo‘yilganligi alohida ta’kidlab o‘tildi.  

Uchrashuvda koreyalik ishbilarmonlar hududdagi istiqbolli sohalarga qiziqish bildirdi. Bu qo‘shma korxonalar yana bittaga ko‘payishidan dalolatdir.

Jizzax viloyati tabiiy sharoiti, mavjud salohiyati bilan respublikada o‘ziga xos o‘rin tutadi.  Hududning drayver sohalari sifatida keyingi yillarda avtomobilsozlik, qurilish, yengil sanoat va turizmni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotir.  

Avtomobilsozlikda 2 ta zavod ish boshlagan bo‘lsa, qo‘shimcha ravishda bu yil yakuni bilan 80 million AQSH dollariga teng bo‘lgan elektromobillar ishlab chiqarish loyihasi faoliyatini boshlaydi.

Viloyat hududida qurilish sanoati uchun xom ashyo sifatida 100 ga yaqin kon resurslari mavjud. Hozircha faqat shulardan 25-30 tasi foydalanishda va bu konlarda qimmatbaho bazalt, sement hamda ohak kabi mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda.  

Yengil sanoat tarmog‘ida paxta xom ashyosi 100 foiz qayta ishlanib, kalava ip tayyorlanmoqda va 50 foizi boshqa hududlarga yetkazib berilmoqda.  

Shuningdek, kalavadan tayyor mato to‘qilayotganini ham ta’kidlab o‘tish kerak. Mato to‘qish, tayyor mahsulot yetishtirish bo‘yicha viloyatda salmoqli ishlar rejalashtirilgan.  

Maftunkor tabiat va o‘ziga xos manzillarga ega Forish, Zomin, Baxmal va Aydarko‘l hududlariga xorijlik sayyohlarni ko‘proq jalb etish uchun keng ko‘lamli ishlar olib borilayotgani ham tahsinga loyiq.

Jizzax viloyat hokimligida xorijlik ishbilarmonlar bilan o‘tgan muloqotda muqobil energiyaga ehtiyoj yuqoriligi qayd etilib, koreyalik tadbirkorlar bilan birga viloyatda quyosh panellarini ishlab chiqarish, chiqindilarni qayta ishlash, undan energiya ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish istiqbollari ham muhokama qilindi.

Xorijlik investorlar Jizzax shahridagi “IT Park” filiali faoliyati bilan tanishdi. Shundan so‘ng, “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida bo‘lib, u yerda mahalliy ishlab chiqaruvchilar bilan o‘zaro muloqot o‘tkazdi.  

O‘z navbatida koreyalik ishbilarmonlar hududda qishloq xo‘jaligi, avtomobilsozlik, kimyo sanoati, turizm va boshqa ko‘plab yo‘nalishlar bo‘yicha hamkorlik qilinishi mumkin bo‘lgan loyihalar yuzasidan taklif va mulohazalarini bildirdi.

Shuningdek, tadbirlar doirasida viloyat markazidagi “O‘zbekiston” mehmonxonasida Janubiy Koreyadan kelgan ishbilarmonlarning mahalliy tadbirkorlar ishtirokida kengaytirilgan uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Muloqotdan so‘ng esa xorijlik delegatsiya a’zolari joylarga borib, hududning mavjud imkoniyat va salohiyati haqida tanishishi ham rejalashtirilgan.

A.QAYUMOV, O‘zA