Jizzax viloyat soliq boshqarmasi Zarbdor, Baxmal va G‘allaorol tumanlari soliq inspeksiyalarida huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ishtirokida navbatdagi profilaktik tadbir tashkil etildi.
Unda korrupsiyaga va terrorizmga qarshi kurash hamda kiberxavfsizlik masalalari xususida so‘z yuritilib, soliq xizmati xodimlariga mazkur yo‘nalishda olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida axborot berildi va bunday illatga qarshi murosasizlik immunitetini shakllantirish lozimligi ta’kidlandi.
Xuddi shunday tadbirlar belgilangan jadval asosida viloyatning boshqa tumanlar inspeksiyalari bilan ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
***
Jizzax garnizonidagi “N” harbiy qism harbiy xizmatchilari va harbiy komendatura tomonidan Zomin tumanidagi umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilarini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida “Yoshlar milliy armiyamiz nigohida!” shiori ostida harbiy vatanparvarlik festivallari o‘tkazilmoqda.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar yoshlarga milliy armiyamizning kuch-qudrati, unda yaratilayotgan keng imkoniyatlar, Qurolli Kuchlarimiz saflarida xizmat qilish va oliy harbiy ta’lim muassasalarida tahsil olish to‘g‘risida ma’lumotlar berib o‘tmoqda.
Festival davomida tashkil etilgan qurol-aslahalar ko‘rgazmasi, harbiy orkestr jamoasi tomonidan yangragan kuy-qo‘shiqlar yoshlarda harbiylik kasbiga hurmat va g‘urur tuyg‘ularini yanada oshirayotir.
***
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiya qo‘mondonligi tomonidan tasdiqlangan qo‘shma rejaga asosan Milliy gvardiya Jizzax viloyati boshqarmasi bolalar bilan ishlash bo‘limining inspektor-psixologlari tomonidan umumta’lim maktablarida o‘quvchi- yoshlar bilan bog‘liq bo‘lgan yo‘l-transport hodisalarini keskin kamaytirish, ular o‘rtasida harakat xavfsizligi bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari olib borilmoqda.
Jumladan, Paxtakor tumani maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limiga qarashli umumta’lim maktablarida tuman inspektor-psixologlari tomonidan o‘quvchi-yoshlar o‘rtasida yo‘l-transport hodisalarining oldini olishga qaratilgan profilaktik tadbir tashkil etildi.
***
G‘allaorol tuman oila va xotin-qizlar hamda tuman FHDYO bo‘limlari tomonidan “Yosh kelin-kuyovlar maktabi”da o‘tkazilgan o‘quv mashg‘ulotlarida tuman adliya bo‘limi, tuman bosh imom xatibi, tuman tibbiyot bo‘limi mas’ullari ishtirok etib, oila va uning muqaddasligi to‘g‘risida ma’ruzalar o‘qishdi.
Mashg‘ulotlarda oilaviy-huquqiy munosabatlar ham muhokama qilindi va oilaviy ajralishlarning oldini olish, ma’naviy-axloqiy muhitni yaratish hamda ibratli ota-ona bo‘lish ko‘nikmalarini shakllantirish mavzularida davra suhbatlari tashkil etildi. Shuningdek, yangi oila qurish ostonasida turgan yoshlar va yosh oilalar hayotida duch kelishi mumkin bo‘lgan muammolar ham o‘rtaga tashlandi.
O‘quv mashg‘ulotlari yakunida yosh kelin-kuyovlarga maxsus sertifikatlar topshirildi.
***
Forish tuman adliya bo‘limi xodimlari tomonidan eng chekka “Istiqlol” mahalla fuqarolar yig‘inida “Adliya kuni” tadbirlari o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida”gi farmonida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida uyma-uy yurilib, fuqarolarning huquqiy muammolari o‘rganildi va tushuntirishlar berildi. Sayyor tartibda davlat xizmatlari ko‘rsatildi.
“Adliya kuni” tadbirlari doirasida mahalla aholisi uchun tibbiy ko‘rik ham tashkil etilib, fuqarolar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.
[gallery-20002]
A.Qayumov, O‘zA muxbiri