English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyat sudlari: sarhisob va istiqbol
15:46 / 2023-04-29

Jizzaxda viloyat sudlari tizimida joriy yilning 1-choragida odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga bag‘ishlab matbuot anjumani o‘tkazildi.

Viloyat sudi binosida tashkil etilgan anjumanda markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalarining vakillari hamda blogerlar ishtirok etib, tadbirni Jizzax viloyati sudi raisi O‘tkirjon Jumayev boshqarib bordi. Anjumanda dastlab viloyat ma’muriy sudi raisi Sarvarbek Rahmonovning axboroti tinglandi.  

2023 yilning 1-choragi davomida tumanlararo ma’muriy sudi ish yurituviga kelib tushgan ommaviy huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq ishlardan 152 ta (o‘tgan 2022 yilning shu davrida 131 ta) ariza bo‘yicha ishlar ko‘rib chiqilgan. Tamomlangan ishlardan 79 tasi (75 ta) yoki 51,9 foizi qanoatlantirilgan, 58 tasi (49 ta) yoki 38,1 foizi rad etilgan, 8 ta (4 ta) ish yoki 5,3 foizi tugatilgan, 7 ta (3 ta) yoki 4,7 foiz ish ko‘rmasdan qoldirilganligi ta’kidlandi.  

– Tumanlararo ma’muriy sudi ish yurituviga kelib tushgan arizalarning 83 tasi viloyat, tuman va shahar hokimlarining xatti-harakatlari va qarorlarini haqiqiy emas deb topish yuzasidan taqdim qilingan bo‘lsa, 23 tasi byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi hududiy bo‘limlarining, 19 tasi kadastr agentligi hududiy bo‘limlari, 13 tasi soliq xizmati idoralari, 8 tasi majburiy ijro byurosi xodimlarining va 6 tasi boshqa davlat tashkiloti mansabdor shaxslarining xatti-harakatlari va qarorlari yuzasidan taqdim qilingan, – dedi viloyat ma’muriy sudi raisi Sarvarbek Rahmonov. – Yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar yuzasidan 75 ta xususiy ajrimlar kiritilgan bo‘lib, shundan 68 ta yoki 91foiz ajrimlarning javoblari olinib, xususiy ajrimlarning 7 tasi hisobot davrining oxirida chiqarilgan.  

Shuningdek, viloyat ma’muriy sudi raisining axborotida tumanlararo ma’muriy sudi tomonidan ko‘rilgan ishlar muhokama qilindi. 2023 yil 1-choragida Jizzax viloyat ma’muriy sudi apellyatsiya instansiyasi tomonidan jami 31 ta apellyatsiya shikoyati yuzasidan 27 ta sud qarori o‘zgarishsiz qoldirilgan, 1 ta sud qarori bekor qilingan, 3 tasi  ish yuritishdan tugatilgan. Shuningdek, Oliy sudning kassatsiya instansiyasida jami 5 ta ish ko‘rilib, ularning 2 tasi bekor qilinib, 3 tasi o‘zgarishsiz qoldirilgan.  

Matbuot anjumani davomida viloyat sudi raisining o‘rinbosarlari Akrom Shukurov,  Jamol Qahhorov,  Rahmatilla Orziqulovlarning  ma’ruzalari  tinglandi.  

Jizzax viloyat sudlari tomonidan 2023 yilning birinchi choragida odil sudlovni amalga oshirish, qonun ustuvorligini ta’minlash, fuqarolarning huquq va erkinliklari hamda qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, yagona sud amaliyotini shakllantirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilganligi ta’kidlab o‘tildi.  

Jinoyat sudlari tomonidan 2023 yilning 1-choragi davomida 625 shaxsga nisbatan 490 ta jinoyat ishlari ko‘rib tamomlangan bo‘lib, shundan 521 shaxsga nisbatan 393 ta jinoyat ishi bo‘yicha hukm chiqarilgan, 103 shaxsga nisbatan 96 ta ish tugatilgan. Jinoyat ishlarining ko‘rilishi o‘tgan yilga nisbatan 12 taga yoki 2,4 foizga ko‘paygan.  

Jazo tayinlab hukm chiqarilgan ishlardan 42 shaxsga nisbatan jarima, 1 shaxsga nisbatan majburiy jamoat ishi, 179 shaxsga nisbatan axloq tuzatish ishlari, 140 shaxsga nisbatan ozodlikni cheklash, 133 shaxsga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish va 1 nafar shaxsga nisbatan umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazolari tayinlangan. Tugatilgan ishlardan 3 shaxsga nisbatan 3 ta jinoyat ishi shaxsni javobgarlikka tortish muddati o‘tib ketganligi sababli, 97 shaxsga nisbatan 90 ta jinoyat ishi taraflar yarashganligi munosabati bilan, 3 shaxsga nisbatan 3 ta ish sudlanuvchilar vafot etganligi sababli tugatilgan.  

– Viloyat fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlari tomonidan joriy yilning 1-choragi davomida 4 ming 562 ta ish ko‘rib chiqilgan bo‘lib, ularning 3 ming 656 tasini fuqarolik ishlari, 2 tasini hakamlik sudining har qiluv qaroriga doir ishlar hamda 904 tasini material tartibidagi ishlar tashkil etadi, – dedi viloyat sudi raisining o‘rinbosarlari Akrom Shukurov. – Fuqarolik ishlarini ko‘rib yakunlash bo‘yicha 3 ming 278 ta hal qiluvchi qarori va 378 ta, bu afsuski o‘tgan yilningg shu davriga nisbatan 25 taga ko‘p ajrim chiqarilganini anglatadi.  

2023 yilning 1-choragida apellyatsiya shikoyat(protest)lari asosida 151 ta fuqarolik ishlari ko‘rib chiqilgan. Bu ishlarning 125 tasi yoki 82,8 foizi hal qiluv qarorlariga nisbatan hamda 26 tasi yoki 17,2 foizi ajrimlarga nisbatan berilgan shikoyatlar asosida ko‘rilgan. Apellyatsiya tartibida ko‘rilgan ishlarning 127 tasi o‘zgarishsiz qoldirilib, 10 tasi o‘zgartirilgan va 3 tasi shikoyatidan voz kechganligi sababli ish yuritish tugatilgan, fuqarolik ishlar bo‘yicha sudlarining 11 ta, ya’ni 4 ta hal qiluvchi va 7 ta ajrim sud qarorlari yoki jami ko‘rilgan ishlarning 0,3 foizi bekor qilingan.  

Jizzax viloyati sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati, tumanlararo va tuman iqtisodiy sudlari tomonidan 2023 yilning 1-choragi mobaynida sudlarga 4 ming 957 ta  ariza va da’vo arizalar kelib tushgan. Shundan hisobot davrining oxiriga qadar 4 ming 280 tasi yoki 86,34 foizi ko‘rib chiqilgan. Ko‘rilgan ishlar soni o‘tgan yildagiga nisbatan 1 ming 949 taga yoki 83,6 foizga ko‘paygan.  

Hisobot davri davomida ko‘rilgan 4 ming 280 ta ishning asosiy qismi jumladan, 1 ming 317 tasi kommunal xizmat ko‘rsatish shartnomasi, 205 tasi kredit shartnomasi, 114 tasi boshqa shartnomalardan kelib chiqqan nizolar, 117 tasi to‘lovga qobiliyatsiz deb topishga oid da’vo arizasi asosida ko‘rilgan ishlarni tashkil etadi.  

2022 yilning birinchi choragi mobaynida ko‘rilgan ishlarga nisbatan mahsulot yetkazib berish shartnomasidan kelib chiqadigan nizolar 184 taga yoki 3 baravarga kamaygan bo‘lsa, kommunal xizmat ko‘rsatish shartnomasi 1 ming 106 taga yoki 6 baravarga ko‘paygan.  

Jizzax viloyati sudi iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati, tumanlararo va tuman iqtisodiy sudlarida ko‘rilgan iqtisodiy ishlar bo‘yicha har ish kunida o‘rtacha hisobda 100 tadan protsessual sud hujjatlari chiqarilgan. Hal etilgan ishlar bo‘yicha da’vogarlar foydasiga 422 milliard  781 million  so‘mdan ortiq pul mablag‘lari undirish haqida sud hujjatlari qabul qilingan.  

Sudlar faoliyatining ochiqligi va shaffofligini yanada oshirish, jamiyatda qonun va inson huquqlariga hurmat munosabatini shakllantirish, amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini aholiga yetkazish, nizolar kelib chiqishining oldini olish maqsadida sudlar faoliyati haqida keng jamoatchilikni xabardor etish, jamoatchilikning qiziqishini uyg‘otgan va dolzarb sud jarayonlarini keng yoritishga alohida e’tibor qaratilayotganini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz.  

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan matbuot anjumani so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutasaddilar tomonidan aniq va batafsil javoblar oldi.  

           A.QAYUMOV,  

J.YORBEKOV (surat), O‘zA