English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyat sudida ma’naviyat kuni
08:45 / 2024-02-18

Kitob, teatr, milliy va madaniy meros, muqaddas qadamjolar inson ma’naviyati va dunyoqarashining yuksalishida muhim ahamiyat kasb etadi. Yuksak ma’naviyatli insonning esa jamiyatdagilarga foydasi tegishi o‘z isbotini topgan real haqiqatdir.

Jizzax viloyati sudi tashabbusi bilan sudya va sud apparati xodimlarining bilim va ma’naviyatini oshirish, dunyoqarashini kengaytirish maqsadida muntazam ravishda ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda.

Viloyat sudi raisining o‘rinbosari R.Orziqulov raisligida videokonfrensaloqa rejimida o‘tkazilgan tadbirda viloyat sudi sudyalari, tumanlararo, tuman, shahar sudlari raislari, sudyalari, sud apparati xodimlari ishtirok etdi.

Tadbirda viloyat sudining sudyasi katta yordamchisi I.Xolmatova atoqli shoir va sarkarda Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti va adabiy faoliyatiga atroflicha to‘xtalib, uning g‘azallaridan parchalarni yoddan o‘qib berdi.  

So‘ngra viloyat sudi sudya katta yordamchisi A.Saitxonov rahbarligida Said Ahmadning “Jimjitlik” romani mazmun-mohiyatiga bag‘ishlagan davra suhbati  bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tib, ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.  

Shuningdek, viloyat turizm boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i F.Qo‘shoqovning slaydlar orqali Jizzax viloyatidagi milliy va madaniy meroslar, muqaddas qadamjolar va turistik ob’ektlar haqida ishtirokchilarga bergan batafsil ma’lumotlari barchaning diqqatini o‘ziga tortdi.  

Tadbir davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javoblar oldi.

Teatr  – hayot ko‘zgusi, ibrat maskani hisoblanadi. Kunning ikkinchi yarmida sud faxriylari, sudya va sud apparati xodimlari hamda ularning oila a’zolari Yunus Rajabiy nomidagi Jizzax viloyat musiqali drama teatrida bo‘lib, “Hayrat ul-abror” spektaklini tomosha qildi.  

G‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiyning ushbu durdona asari hazratning bugungi avlodlariga qoldirgan buyuk adabiy boy merosidir. Spektaklda aks etgan imon, saxovat, qanoat, vafo, to‘g‘rilik kabi ezgu fazilatlar tadbir ishtirokchilariga alohida ma’naviy zavq bag‘ishlaganini alohida ta’kidlab o‘tish lozim.  

Viloyat sudi tomonidan tashkil etilgan madaniyat va ma’rifat tadbirlari sudya va sud apparati xodimlarining ma’naviyatini yuksaltirish, kitobga, teatrga, tarixiy va madaniy merosimizga bo‘lgan ishtiyoqini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),

O‘zA muxbirlari