Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax viloyat prokuraturasi matbuot xizmati xabar beradi
22:04 / 2024-12-25

Yangi yil bayrami arafasida Bosh prokuror o‘rinbosari boshchiligidagi ishchi guruhi tomonidan Jizzax viloyatining Mirzacho‘l tumanida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturi doirasida amalga oshirilgan ishlarning ahvoli o‘rganildi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Isroil Adhamov tumanda tashkil etilgan IT-park hamda “GAGARIN STUDY” MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishdi. 

Bugungi kunda ushbu IT-parkda 194 nafar yosh, shu jumladan, ehtiyojmand oilalarning farzandlari raqamlashtirish yo‘nalishlarida saboq olmoqda. Tumandagi “GAGARIN STUDY” MCHJda esa 270 nafardan ortiq yosh xorijiy tillarni bepul o‘rganmoqda. E’tiborlisi, ularning 195 nafari “Yoshlar daftari”ga kiritilgan o‘smir va yosh yigit-qizlardir. 

Shuningdek, Bosh prokuror va ishchi guruhi a’zolari tumanning “Yerjar” va “Bog‘bon” mahalla fuqarolar yig‘ini ma’muriy binolarining ochilish marosimida ishtirok etdi. Shu bilan birga, tumandagi ishga tushirilgan mikroloyihalar faoliyati bilan tanishilib, ularni kengaytirish yuzasidan mas’ullarga ko‘rsatmalar berildi

***

Yangi yil bayrami arafasida Jizzax viloyati prokuraturasi organlari tomonidan ehtiyojmand va boquvchisini yo‘qotgan oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasidagi amaliy ishlar davom ettirilib, viloyat bo‘yicha jami 1045 nafar bolaga xatna to‘ylari o‘tkazib berilganini ham ta’kidlab o‘tish lozim. 

Jumladan, G‘allaorol tumanida shu toifadagi oilalarda tarbiyalanayotgan voyaga yetmagan 100 nafar, Yangiobod tumanida 20 nafar o‘g‘il bola ro‘yxati shakllantirilib, bolajonlar va ularning ota-onalari ishtirokida homiylik asosida “Sunnat to‘y” tadbirlari o‘tkazildi.

Yangi yil arafasida Qorbobo va Qorqiz, shuningdek, ertak qahramonlarining turli sahnaviy chiqishlari bolajonlarga unutilmas shodlik hadya etdi.

***

Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Jizzax viloyat boshqarmasi, tuman prokuraturasi hamda tuman hokimligi bilan hamkorlikda Yangi yil bayrami oldidan Zomin tumanidagi qator mahalla guzarlari, aholi gavjum maskanlarda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etildi.

Duoba mahallasida tashkil etilgan yarmarkada dehqon hamda bog‘bonlar tomonidan yetishtirilgan sarxil mevalar, shuningdek, asal, sut, tuxum, go‘sht, baliq, umuman, 50 dan ortiq turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hamyonbop, arzon narxlarda xaridorlarga taqdim etilmoqda.

Yangi yil bayramini ko‘tarinki ruhda o‘tkazish, zominliklarning bayram dasturxoni to‘kin bo‘lishini ta’minlash, narx-navo keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida tashkil etilgan savdo yarmarkalaridan aholi mamnun bo‘lmoqda.

***

Jizzax shahar prokurori – 2-sektor rahbari M.Mamatov ijtimoiy- iqtisodiy jihatdan og‘ir bo‘lgan mahallalarda o‘tkazilishi rejalashtirilgan sayyor qabullar reja- jadvaliga asosan “Sayxon” MFYda aholi bilan muammolarni o‘rganish, qish mavsumiga tayyorgarlik, bandlik, kambag‘allikni qisqartirish, migratsiya masalalarida uchrashuv o‘tkazdi. 

Uchrashuvda uyushmagan yoshlarning bandligini ta’minlash, qish mavsumida gaz va elektr energiyasidan ehtiyotkorona va tejamkorlik bilan foydalanish, is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olish, kambag‘allikni qisqartirish, mahalladagi dolzarb muammolar kabi mavzular bo‘yicha tushuntirish va ko‘nikmalar berildi, fuqarolarning fikrlari tinglandi.

Uchrashuv yakunida fuqarolardan 12 ta murojaat kelib tushdi va shundan 6 tasi mas’ul xodimlar tomonidan joyida bartaraf etildi. Qolgan 6 ta o‘rganish uchun muddat talab etiladigan murojaatlar tegishliligi bo‘yicha mas’ul korxona va sektorlar shtab a’zolariga ijobiy hal etish uchun yuklatilib, ijrosi nazoratga olindi.

[gallery-21038]

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari