Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax tibbiyotida yangi davr boshlandi
15:46 / 2025-12-06

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 33 yilligi arafasida Jizzax shahrida bir kunning o‘zida uchta yirik tibbiy ob’ekt foydalanishga topshirilishi soha taraqqiyotida yangi bosqichni boshlab berdi.

Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tantanali marosimlarda ta’kidlanganidek, oxirgi yillarda mamlakatimizda tibbiyot infratuzilmasini yangilash va xizmat sifatini oshirish borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning joriy yil 2 dekabr kuni Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar esa ushbu loyihalarning tezkor va samarali ijrosiga kuchli turtki bo‘ldi.

Avvalo, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Jizzax filiali tubdan yangilanib, 12 milliard 300 million so‘mlik ishlar amalga oshirildi. Zamonaviy angiografiya uskunasi o‘rnatilishi tufayli endilikda yil davomida 800 dan ortiq yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazilishi mumkin. Bu imkoniyat nafaqat shoshilinch holatlarda tez yordam berish, balki viloyat bemorlarining Toshkent va qo‘shni hududlarga qatnovini 90 foizgacha kamaytirishni ta’minlaydi.

Shuningdek, shahardagi “Tibbiyot klasteri” hududida Respublika ixtisoslashtirilgan ko‘z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Jizzax filialining yangi binosi ham foydalanishga topshirildi. 

14 milliard 500 million so‘mlik sarf-xarajat evaziga bunyod etilgan mazkur muassasa 74 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, u zamonaviy diagnostika va jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishga to‘laqonli jihozlangan. 

Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan taqdim etilgan 1,7 million dollarlik 23 turdagi tibbiy uskunalar esa markazda 7 turdagi murakkab ko‘z jarrohligini shu joyning o‘zida o‘tkazish imkonini berdi. Bu bilan minglab aholi uchun uzoq yo‘l va qo‘shimcha xarajatlar taqozo etmaydigan qulay sharoit yaratildi deb bemalol aytish mumkin.

[gallery-26603]

Kunning yana bir muhim voqeasi — Jizzax shahar tibbiyot birlashmasi tarkibidagi akusherlik majmuasining to‘liq yangilanishi bo‘ldi. Qiymati 9 milliard 734 million so‘mdan ortiq bo‘lgan ushbu zamonaviy tug‘ruq majmuasi ona va bola salomatligiga mas’ul yo‘nalishda yangi imkoniyatlar eshigini ochdi. 

Xalqaro standartlarga mos ravishda qurilgan binoda tug‘ruq bloklari, neonatal bo‘limlar, laboratoriyalar va muolaja xonalari zamonaviy ventilyatsiya, sterilizatsiya va xavfsizlik tizimlari bilan jihozlandi. Chaqaloqlar uchun reanimatsiya va neonatologiya bo‘limlarining zamonaviy uskunalar bilan ta’minlanishi esa yangi tug‘ilgan bolalar hayotini asrashda muhim omil hisoblanadi.

Jizzaxda bir kunda ishga tushirilgan mazkur uchta tibbiyot ob’ekti soha rivojidagi amaliy qadam, aholining sifatli tibbiy xizmatga bo‘lgan ehtiyojini qondirishga qaratilgan muhim loyihadir. Bu avvalo, inson salomatligiga qaratilgan davlat siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlarning hayotiy tasdig‘i bo‘lib, viloyatda tibbiy xizmatning yangi sifati, yangi madaniyati shakllanayotganini ko‘rsatadi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA