Jizzax viloyatida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bu safar odatiy tarzda emas — mutlaqo yangi yondashuv va shijoat bilan boshlandi. Bu ishlar faqat mavsumiy ta’mirlash emas, balki viloyatning ijtimoiy va muhandislik infratuzilmasini tubdan yangilash, aholi turmush darajasini yuksaltirishga qaratilgan keng qamrovli islohotlar ko‘lamini aks ettiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 24 aprelda qabul qilingan “2022–2026 yillarda Jizzax viloyati hududlarini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi turmush darajasini yanada yaxshilashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori bu borada dasturiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.

Joriy yiilning 22 iyul kuni Jizzaxga tashrif buyurgan davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev viloyatning bugungi holati bilan yaqindan tanishar ekan, aholining aynan yashash sharoitiga e’tibor qaratdi. Ayniqsa, eski ko‘p qavatli uy-joylar zamon talabiga mos ravishda modernizatsiya qilinishi, ularning tashqi qiyofasi zamonaviy va mustahkam bazalt materiallari bilan qoplanishi bo‘yicha topshiriqlar berdi.
Shunga muvofiq, bu ishlar uchun 200 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi belgilandi. Bu mablag‘lar orqali esa 1045 ta ko‘p qavatli uy-joy qayta ta’mirlanadi, ularning tomlari yangilanadi, muhandislik kommunikatsiyalari esa tubdan qayta ko‘rib chiqiladi.

– Har bir xonadonda inson yashaydi. Ular uchun qulaylik yaratish – birinchi galdagi vazifamiz, – deydi Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi Shuhrat Jo‘rayev. – Ushbu dastur faqat fasadni yangilash emas, balki uyning ichi va atrofida to‘liq yangi muhit yaratishga qaratilgan.
Amalga oshirilayotgan ishlar raqamlarda o‘z ifodasini topsa-da, ular zamirida minglab insonlarning real hayoti, kundalik ehtiyojlari mujassam. Joriy yil oxiriga qadar 91 ming pogonametrdan ziyod ichimlik suv tarmoqlari, 33 ming pogonametr kanalizatsiya shoxobchalari va 1680 pogonametr issiqlik quvurlari to‘liq yangilanishi rejalashtirilgan.

Bu jarayonlarda faqat tarmoqlar emas, balki butun tizim zamonaviy talablarga moslashtirilmoqda. Masalan, 134 ta yangi isitish qozoni o‘rnatilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu qishda issiqlik ta’minotida uzilishlar bo‘lishi ehtimolini minimal darajaga tushiradi. Shuningdek, 600 dan ortiq kirish eshiklari, mingdan ziyod framugalar almashtirilib, 70 ta videokuzatuv kamerasi o‘rnatilmoqda. Elektr ta’minoti tizimida esa 2300 ga yaqin elektr qurilmalari yangilanmoqda.

Aholi farovonligini ta’minlash maqsadida bolalar uchun 120 ga yaqin o‘yin maydonchalari qurilishi, uylar va ko‘chalar atrofida mingdan ortiq tungi chiroqlar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Bugunga kelib, faqat Jizzax shahrining o‘zida 46 ta ko‘p qavatli uy bazalt qoplamasi bilan yangilangan, 9 ta uyning tomi esa to‘liq ta’mirlangan.
Qoplash ishlarida ishlatilayotgan bazalt materiallari nafaqat tashqi ko‘rinishni zamonaviylashtiradi, balki issiqlikni saqlash va shovqinni kamaytirish borasida ham muhim samara beradi. Shuningdek, qishda issiqlikni ushlab qolish, yozda esa salqinlikni saqlash xususiyatlarigaiga ega.
– Energiya tejamkorligi 30–35 foizgacha ortishi mumkin. Jazirama issiqda havo sovutgichlariga ehtiyoj esa uch barobarga kamayadi, – deydi Shuhrat Jo‘rayev. – Shu bilan birga, bazalt moddasi shovqinni sezilarli darajada kamaytiradi. Odatdagi 30-40 detsibel shovqinni 15-20 detsibelgacha tushirishi tajribalarda ko‘p bora isbotlangan. Bu ko‘p qavatli uylardagi aholi uchun juda muhim.
Bu yirik ko‘lamli ishlar faqat rasmiy tashkilotlar tomonidan emas, mahalliy Kengash deputatlari, mahalla faollari va aholi ishtirokida amalga oshirilmoqda. Murojaatlar asosida joylarda aniqlangan muammolarga manzilli yondashilayotgani, jamoatchilik nazorati ta’minlanayotgani esa o‘z natijasini bermoqda.
Yo‘laklar, tomlar, kanalizatsiya shoxobchalari, elektr tarmoqlari, yo‘l va o‘yin maydonchalari – har bir qurilma alohida e’tibor bilan ta’mirlanmoqda. Bu faqat Jizzax emas – butun respublika uchun namunaviy tajribaga aylanmoqda.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri