Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax suv ombori — imkoniyatlar maydoni
11:49 / 2026-02-11

Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumanida joylashgan Jizzax suv ombori bugun nafaqat irrigatsiya inshooti, balki iqtisodiy faollik, yoshlar bandligi va ekologik barqarorlik uyg‘unlashgan muhim maskan sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Shu ma’noda, ushbu hududda yordamchi xo‘jalik faoliyatini rivojlantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosiga bag‘ishlangan amaliy seminarning o‘tkazilishi alohida ahamiyat kasb etdi.

Seminarda Sirdaryo–Zarafshon irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi tasarrufidagi tashkilotlar rahbarlari, mutaxassislar va soha xodimlari ishtirok etib, suv xo‘jaligi ob’ektlari hududlaridan samarali foydalanish masalalarini muhokama qildilar. Asosiy e’tibor yordamchi xo‘jaliklarni tashkil etish orqali qo‘shimcha daromad manbalarini yaratish, yangi ish o‘rinlari ochish hamda tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga qaratildi.

Tuyatortar–Qli irrigatsiya tizimlari boshqarmasi vakili U. Suyarov taqdimotida yordamchi xo‘jaliklarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda ularning iqtisodiy samarasi haqida batafsil ma’lumot berildi. Qayd etilganidek, bunday xo‘jaliklar ishchi-xodimlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bilan birga, tizimda barqaror moliyaviy muhitni shakllantirishga xizmat qilmoqda.

Muhokamalar jarayonida yosh mutaxassislar masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Yoshlarning tashabbuslarini rag‘batlantirish, bandligini ta’minlash va tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish suv xo‘jaligi sohasini rivojlantirishda muhim omil ekani ta’kidlandi. Shu bilan birga, ularning kasbiy salohiyatini oshirish va sohada faol ishtirokini ta’minlash ustuvor vazifa sifatida belgilandi.

Seminar doirasida “Yashil makon” umummilliy loyihasi ijrosi ham atroflicha ko‘rib chiqildi. Jizzax suv ombori va unga tutash hududlarda ko‘chat ekish, yashil hududlarni kengaytirish hamda ekologik muhitni yaxshilashga qaratilgan ishlar tizimli tarzda olib borilayotgani qayd etildi.

Ma’lumki, 1963–1973 yillarda barpo etilgan Jizzax suv ombori Sangzor daryosi suv oqimini mavsumiy tartibga solish orqali qariyb 9 ming gektar qishloq xo‘jaligi yerlarining suv ta’minotini yaxshilab kelmoqda. So‘nggi yillarda esa ushbu inshootdan baliqchilik hamda turli yordamchi xo‘jalik yo‘nalishlarida samarali foydalanish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Xulosa qilib aytganda, Jizzax suv omborida o‘tkazilgan amaliy seminar suv xo‘jaligi tizimida iqtisodiy manfaat, yoshlar bandligi va ekologik mas’uliyatni uyg‘unlashtirish mumkinligini amalda ko‘rsatdi. Bu esa sohada amalga oshirilayotgan islohotlarning hayot bilan hamnafas ekanidan dalolat beradi.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri