Jizzax viloyati bolalar qo‘g‘irchoq teatrida o‘zbek milliy kiyinish madaniyati targ‘ibotini tashkil etishga qaratilgan «Nafosat-2020» respublika festivali doirasidagi ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Ko‘rik-tanlov boshlanishi oldidan viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash, madaniyat ishlari boshqarmalari vakillari ishtirokidagi ishchi guruh a’zolari tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida mazkur tadbirni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad va uning tartib tamoyillari haqida batafsil ma’lumot berildi.
Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, kiyinish madaniyati inson ma’naviyatining o‘ziga xos ko‘zgusi bo‘lib, ko‘p jihatdan shaxsning fe’l atvori, dunyoqarashi va qadriyatlaridan dalolat beradi. Shu bois barcha zamonlarda libos millatimizga xos orastalik, kamtarlik va go‘zallikka intilish kabi fazilatlarni namoyon etib kelgan.
[gallery-414]
bugungi kunda ushbu qadriyatlar ayniqsa dolzarb ahamiyat kasb etayotir. Respublikamiz bo‘ylab 20 noyabridan 20 dekabrigacha o‘tkazilayotgan «Nafosat» festivallarida ham avvalo milliy qadriyatlarimizni va ayollar liboslaridagi zamonaviy moda yo‘nalishlarini birlashtirib, vijdon va e’tiqod erkinligini hisobga olgan holda o‘zbek milliy modasini shakllantirishni targ‘ib etish ko‘zda tutilgan.
Jizzaxdagi tadbirda ko‘rik-tanlovning tuman, shahar bosqichlarida yuqori o‘rinlarni egallagan 3 nafardan g‘olib ishtirok etdi.
Ko‘rik-tanlovda ishtirokchilar 4 yo‘nalishdagi nominatsiyalar – “Ishbilarmon va yetakchi ayol”, “Talaba qiz”, “Ijodkor ayol”, “O‘zbek ayolining ro‘mol o‘rash san’ati” timsollari bo‘yicha o‘z ishlarini namoyish etdi.
Nomzodlarning ishlari hakamlar hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilib, birinchi o‘rin Jizzax shahri vakillariga berildi. Ikkinchi o‘rinni Sh.Rashidov, uchinchi o‘rinni Do‘stlik tumanlari vakillari egalladi.
G‘oliblarga ko‘rik-tanlovning mamlakat bosqichiga yo‘llanma berildi.
T. BEKNAZAROV, J. YORBEKOV (surat), O‘zA