Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan izchil islohotlar polizchilik tarmog‘ida ham amaliy natija bermoqda. Ko‘rsatkichlar bu o‘sish ortida tizimli yondashuv va samarali agrar siyosat turganini yaqqol tasdiqlaydi.
O‘zbekiston Respublikasi Milliy statistika qo‘mitasining dastlabki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda respublika bo‘yicha barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan 3 million 300 ming tonna poliz mahsulotlari yetishtirildi. Bu 2024-yilga nisbatan 16,2 foiz o‘sish demakdir.
Hududlar kesimida Jizzax 430 ming 634 tonna hosil bilan peshqadam bo‘ldi. Bu natija agrotexnologiyalarni yangilash, suv resurslaridan oqilona foydalanish, serhosil navlarni joriy etish va fermerlarni manzilli qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar samarasidir. Ayniqsa, Mirzacho‘l va Arnasoy tumanlaridagi o‘sish umumiy ko‘rsatkichlarga salmoqli hissa qo‘shdi.
Keyingi o‘rinlarda Sirdaryo — 417 ming 796 tonna, Surxondaryo — 379 ming 753 tonna, Qashqadaryo — 286 ming 325 tonna hosil olgan. Shuningdek, Andijon, Farg‘ona, Buxoro, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Samarqand, Namangan, Navoiy va Toshkentda ham polizchilik barqaror o‘sish sur’atini saqlab qolmoqda.
Mutaxassislar fikricha, mahsulotni saqlash va qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish, eksportbop navlar ulushini oshirish hamda ilg‘or agrotexnologiyalarni joriy etish hududlar raqobatbardoshligini yanada mustahkamlaydi. Qo‘shimcha qiymat zanjirini shakllantirish esa polizchilikni xomashyo yetishtirishdan daromadli agrobiznes bosqichiga olib chiqadi.
Polizchilikdagi bu sur’at qishloq aholisi daromadlarini oshirish, ichki bozorni sifatli mahsulot bilan ta’minlash va eksport salohiyatini kengaytirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Jizzaxning yetakchiligi esa islohotlar amalda o‘z samarasini berayotganining aniq ifodasidir.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri