Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax – O‘zbekistonning Detroytiga aylanadi
10:09 / 2022-07-24

Bir vaqtlar boqimanda, deya ta’riflangan, deyarli barcha sohalardagi ko‘rsatkichlar bo‘yicha eng so‘nggi pog‘onalarda yurgan Jizzax – bugun amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar natijasida ko‘z o‘ngimizda mamlakatimizdagi ilm-fan, san’at, madaniyat, sport va boshqa turli sohalarda ulkan yutuqlarni birma-bir zabt etib borayotgan katta yoshlar armiyasiga ega, ulkan sanoat korxonalari, innovatsion texnologiyalar bilan qurollangan qishloq xo‘jaligi, turli mahsulotlar eksporti yuksalayotgan viloyatga aylanmoqda.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil Jizzax viloyatiga tashrifidan so‘ng birgina avtomobilsozlik sohasida ikkita avtomobil zavodi ish boshladi. Qolaversa, bu zavodlardagi avtomobillar erta-indin jahon bozorida yetakchilar qatorida bo‘lishiga shubha yo‘q.

“ADM Jizzakh” avtomobil zavodi avtomobillari ichki bozorda eng xaridorgir. “ADM Jizzakh” avtomobil zavodi o‘z faoliyatini 2020 yilda boshladi. Ushbu zavodda “KIA” rusumidagi avtomobillarning besh turi yig‘ilib, hozircha ichki bozorga chiqarilmoqda. Ayni paytda korxonada 250 nafardan ortiq kishi mehnat qiladi. Ularning ishlashi, dam olishi, ovqatlanishi va umuman unumli mehnat qilishi uchun barcha qulayliklar yaratilgan. 

Joriy yilning so‘ngi choragida yangi sex faoliyatini boshlashi rejalashtirilgan. Yaqin kelajakda esa mahalliylashtirish jarayoni amalga oshirilib “KIA” va “RENO” avtomobillarining barcha zarur qismlarini ishlab chiqarish nazarda tutilmoqda. Korxona to‘liq ishga tushirilgach  2 mingdan ortiq kishi ish bilan ta’minlanadi. Ushbu zavodda yig‘ilayotgan avtomobillarni ko‘rib havasingiz keladi. Korxonada 1 soatda 5 ta avtomobil yig‘iladi. 

Ayni paytda O‘zbekiston avtomobil bozorida “KIA”ning ikkita mahalliy yig‘ish modeli taqdim etilmoqda: “Syeltos” va “K-5”. Jizzaxdagi zavodda SKD usulida avtomobillar ishlab chiqariladi va zavodning ishlab chiqarish quvvati yiliga 25 ming donani tashkil etadi. Ob’ektda jami 600 kishi, shu jumladan zavodning o‘zida 250 kishi ishlaydi. 

2022 yil oxiriga qadar payvandlash va tana bo‘yash sexlari bo‘lgan liniyalarni ishga tushirish va CKD yig‘ishni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan. Bu “ADM Jizzax” korxonasining quvvatini yiliga 100 ming avtomobilgacha oshirish va yana yangi ish o‘rni yaratish imkonini beradi. “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasi a’zosi sifatida o‘z majburiyatlari doirasida “ADM Jizzax” mahalliylashtirish darajasini kamida 30 foizga yetkazish va ishlab chiqarilgan avtomobillarni eksport qilishni rejalashtirgan. Zavoddagi ishchi-xizmatchilarning 90 foizi mahalliy yoshlardir. 
Jizzaxda “Volkswagen” yengil tijorat avtomobillari ishlab chiqarilmoqda.

“O‘zavtosanoat” va “Volkswagen Group Rus” o‘rtasida O‘zbekistonda yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarish hamda sotish bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolangan. Ushbu kelishuv – “Jizzax avtomobil zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyati bazasida yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek, ishlab chiqarilgan texnikani sotish tizimini yo‘lga qo‘yishga qaratilgan. Zavod o‘sha mashhur “Volkswagen” konsernining yo‘lovchi va yuk tashishga mo‘ljallangan bir necha modeldagi yengil tijorat avtomobillarini to‘liq sanoat sikli bo‘yicha ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

“Volkswagen Group Rus” yangi zamonaviy ishlab chiqarish texnologiyalari va jarayonlarini taqdim etibgina qolmay, zavodda ish faoliyatini boshlash maqsadida jalb etilgan va asosan jizzaxlik yoshlardan tashkil topgan ishchi-xizmatchilarni o‘qitib, tajribasini oshirib tayyor mutaxassislarga aylantiradi.

Zavod “Volkswagen” konsernining ishlab chiqarish, sifat, xaridlar, yetkazib berish va sotuv tizimlari boshqaruvi borasidagi zamonaviy standartlariga muvofiq ish yuritadi. Shuningdek, korxona rejalariga mahalliy avtomobil butlovchi qismlari ishlab chiqaruvchilarini (bugungi kunda ular “O‘zavtosanoat” AJga tegishli 30 ta yirik zavod va 160 dan ziyod o‘rta hamda kichik korxonalardan iborat) jalb qilish orqali muayyan mahalliylashtirish darajasini ta’minlash ham kiradi.

Korxonaning ishlab chiqarish quvvati yiliga 20 ming dona avtomobilni iashkil etadi. Yuqorida ta’kidlangan ikki tomonlama bitim doirasida tomonlar hamkorlikni 2020 yilda “Volkswagen Caddy” modelini ishlab chiqarish va sotish bilan boshlagan edi. Bu taklif etilgan ikkita modifikatsiyada: 7 o‘rinli yo‘lovchi universali va yuk furgoni bo‘lib, ushbu model ham tijorat, ham oilaviy foydalanishga mo‘ljallangan.

Avtomobil quvvati 110 ot kuchiga ega bo‘lib, hajmi 1,6 litrli tejamkor benzinli dvigatel bilan jihozlanadi. Shahar sikli rejimida yoqilg‘i sarfi 100 kilometrga 9,3 litrga, katta trassalarda esa 100 kilometrga 6,1 litrga to‘g‘ri keladi.

Hamkorlik doirasida kelajakda “Volkswagen Group” konsernining keng modellar qatoridan boshqa namunalarni ham ishlab chiqarish va keltirish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda. Korxona to‘liq ishga tushgach 1 ming 500 dan ortiq yoshlar ish bilan ta’minlanadi.

“ADM Jizzakh” avtomobil zavodining “KIA” va “RENO”, “Jizzax avtomobil zavoldi” MCHJda ishlab chiqarilgan “Volkswagen” avtomobillari erta-indin siz va bizning kundalik foydalanadigan avtomobilimizga aylanishiga ishonchimiz komil.

A.Qayumov, O‘zA