Jizzax mahsulotlari – xorij bozorida
Jizzax viloyatida joriy yilning birinchi choragida 3 million 800 ming AQSh dollari miqdorida mahsulotlar va xizmatlar eksporti amalga oshirildi.
Jizzax viloyatida joriy yilning birinchi choragida 3 million 800 ming AQSh dollari miqdorida mahsulotlar va xizmatlar eksporti amalga oshirildi.
Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, ular faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor hududlar eksport salohiyatini oshirish, sanoat ishlab chiqarishini kengaytirishda muhim omil bo‘lmoqda.
Bundan bir necha yil avval paxta tolasidan boshqa mahsulot eksport qilinmagan viloyatda bugungi kunda avtomobil akkumulyatorlari, tayyor kiyim-kechaklar, dekorativ gilamlar, xo‘jalik qog‘ozi kabi yangi turdagi mahsulotlar eksport qilinayotir. Yangi ishlab chiqarish korxonalari barpo etilib, sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi va turi muttasil oshirib borilayotgani nafaqat ichki bozorni to‘ldirish, ayni paytda eksport salohiyatini yuksaltirishga ham xizmat qilmoqda.
Viloyat iqtisodiyotida tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirilishi tufayli sanoat sohasida 2014-yilda 237, joriy yilning birinchi choragida 18 loyiha hayotga tatbiq etildi. Bugungi kunda ushbu zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan korxonalarda raqobatbardosh, eksportga mo‘ljallangan mahsulotlar ishlab chiqarilayotir.
Jizzax tumani Toqchilik qishlog‘idagi “Zarista-Tex” mas’uliyati cheklangan jamiyatida bundan ikki yil avval “Aloqabank” Jizzax filialining 450 million so‘mlik krediti evaziga bolalar va kattalar uchun besh turdagi tayyor kiyimlar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan edi. Xorijning zamonaviy tikuv mashinalari, dizayn va andoza olish, gul, naqsh solish uskunalari bilan jihozlangan korxona mahsulotlari qisqa muddatda tashqi bozorda ham o‘z xaridorini topdi.
Korxona joriy yilning o‘tgan davrida 1 million 125 ming dollarlik mahsulot eksport qildi. Joriy yilda xorijlik hamkorlar bilan 4,5 million dollarlik trikotaj mahsulotlari yetkazib berish bo‘yicha shartnoma tuzilgan.
– Mamlakatimizda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini rivojlantirishga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasida korxonamiz quvvatini ikki yilda ikki barobor oshirishga erishdik, – deydi korxona rahbari Baxtiyor Mamatqulov. – Mahsulot hajmini oshirish bilan birga, uning eksportbopligini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratmoqdamiz. Natijada mahsulotimizning 90 foizi xorijga chiqarilmoqda.
Dastlab 30 ishchi bilan faoliyat boshlagan korxonada bugun 200 dan ziyod kishi mehnat qilmoqda. E’tiborlisi, ularning aksariyati kasb-hunar kollejini bitirgan yosh mutaxassislardir.
– Jizzax yengil sanoat kasb-hunar kollejini bitirganman, – deydi tikuvchi Dilfuza Nurmatova. – Ushbu korxonada ishlab chiqarish o‘quv amaliyotini o‘tab, keyinchalik ishga kirdim. Ishim o‘zimga yoqadi. Xaridorlarga ma’qul keladigan bejirim, pishiq va puxta kiyimlar tayyorlayotganimizdan faxrlanaman.
Xorijliklarga ham manzur bo‘ladigan mahsulot ishlab chiqarayotgan qishloqdagi korxona birgina bu emas. Yangiobod tumanida “Yangiobod chevarlari”, G‘allaoroldagi “Nargiza teks” korxonalari ham xorijga mahsulot chiqarmoqda.
Bu muvaffaqiyatlar zamirida davlatimiz tomonidan kichik biznes va xususiy tabirkorlik subyektlari eksportini qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan alohida e’tibor yotibdi, albatta. Buning samarasida mahsulot eksportida kichik biznesning ulushi oshmoqda. Jumladan, joriy yilning dastlabki choragida kichik biznesning viloyat eksportidagi ulushi 32,9 foizga yetdi.