French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jizzax mahsulotlari Islomobodda
15:45 / 2026-02-12

O‘zbekiston va Pokiston o‘rtasidagi strategik sheriklik yangi mazmun bilan boyib borayotgan bir pallada Islomobod shahrida o‘tkazilgan “Made in Uzbekistan” milliy ko‘rgazmasi mamlakatimiz sanoat salohiyatini namoyon etuvchi muhim maydonga aylandi. Davlatimiz rahbarining Pokistonga amalga oshirgan oliy darajadagi rasmiy tashrifi doirasida tashkil etilgan mazkur tadbir savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish, investitsiya aloqalarini chuqurlashtirish va o‘zaro tovar aylanmasini oshirishga xizmat qiladi.

Ko‘rgazma pavilonlarida namoyish etilgan mahsulotlar orasida “BMB Holding” tarkibidagi “BMB Za’faron” va “BMB Impex” brendlari alohida e’tibor qozondi. Eng muhimi, ushbu mahsulotlarning asosiy qismi saxovatli Jizzax zaminida yetishtirilib, zamonaviy texnologiyalar asosida chuqur qayta ishlangani bilan ahamiyatlidir. Bu — hudud sanoati salohiyatining amaliy natijasi, mahalliy xomashyodan yuqori qo‘shilgan qiymat yaratish borasidagi sa’y-harakatlar samarasidir.

Jizzax dalalarida yetishtirilgan za’faron va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, saralash va qadoqlash jarayonlari xalqaro standartlar asosida yo‘lga qo‘yilgan. Shu bois ularning ekologik tozaligi, sifat ko‘rsatkichlari va eksportbopligi xorijlik hamkorlarda katta qiziqish uyg‘otdi. Ko‘rgazma doirasida kompaniya vakillari tomonidan mahsulotlarning ishlab chiqarish bosqichlari, logistika imkoniyatlari va eksport geografiyasi haqida atroflicha ma’lumot berildi.

Islomobodda o‘tgan O‘zbekiston–Pokiston biznes-forumi esa amaliy muzokaralar uchun samarali platforma bo‘ldi. B2B formatdagi uchrashuvlarda pokistonlik yirik tadbirkorlar va moliyaviy institutlar vakillari bilan istiqbolli loyihalar muhokama qilindi. Bu muloqotlar nafaqat tovar yetkazib berish, balki qo‘shma ishlab chiqarish va investitsiya hamkorligini yo‘lga qo‘yish imkoniyatlarini ham ochib berdi.

Bugun Jizzaxda ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning xalqaro ko‘rgazmalarda munosib namoyish etilayotgani — hududlarda amalga oshirilayotgan sanoatlashtirish siyosati, eksportni qo‘llab-quvvatlash va tadbirkorlikni rag‘batlantirishga qaratilgan islohotlarning amaliy ifodasidir. “Made in Uzbekistan” brendi ostida taqdim etilgan har bir mahsulot ortida mehnat, zamonaviy texnologiya va yuksak sifatga intilish mujassam.

Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri