Jizzax – Buyuk Britaniya: IT sohasida hamkorlik kengaymoqda
Jizzaxda viloyat hokimi o‘rinbosari Akmal Savurbayev boshchiligida viloyat tashkilotlarining rahbarlari hamda Buyuk Britaniyaning “Emotiv” kompaniyasi rahbari Endryu Rouson Jon o‘rtasida muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda “Emotiv” ning Jizzaxda ochilgan ofisi va kompaniya faoliyati batafsil muhokama qilindi.
“Emotiv” xalqaro darajada raqamli yechimlar, onlayn savdo maydonlarini boshqarish, shuningdek “eBay”, “Amazon”, “Walmart” kabi global platformalardagi faoliyati bilan tanilgan. Kompaniya mahsulot ro‘yxatlarini tuzish, logistika va bozor tahlili bo‘yicha yo‘lboshchilik qiladi.
Uchrashuvda tomonlar Jizzax viloyatida IT sohasida malakali kadrlar tayyorlash, yoshlarni ish bilan ta’minlash va IT xizmatlari eksportini oshirish yo‘llarini muhokama qildilar.
“Emotiv” kompaniyasi bilan hamkorlik Jizzaxda raqamli texnologiyalar sektori salohiyatini yanada rivojlantirishga zamin yaratadi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri