2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston meva va rezavorlar yetishtirish barqaror o‘sish trayektoriyasini saqlab qoldi. Rasmiy ma’lumotlarga muvofiq, respublika bo‘yicha barcha toifadagi xo‘jaliklar tomonidan 3 million 479 ming 624 tonna hosil yetishtirildi.
Bu 2024-yilning mos davriga nisbatan 6,4 foizga ko‘p demakdir. Raqamlar ortida esa sohada amalga oshirilayotgan izchil islohotlar, zamonaviy yondashuv va samarali boshqaruv natijasi mujassam.
Hududlar kesimida Andijon (751,887 ming tonna), Farg‘ona (472,969 ming tonna), Namangan (416,146 ming tonna) va Samarqand (408,356 ming tonna) viloyatlari yetakchilik qildi. Buxoro — 312,996 ming tonna, Qashqadaryo — 215,248 ming tonna, Navoiy — 114,021 ming tonna, Surxondaryo — 194,837 ming tonna, Xorazm — 189,940 ming tonna, Toshkent viloyati — 159,493 ming tonna, Sirdaryo — 51,577 ming tonna, Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 79,975 ming tonna hosil qayd etdi. Toshkent shahri hissasiga 951 tonna mahsulot to‘g‘ri keldi.
Jumladan, Jizzax viloyatida 111 ming 228 tonna meva va rezavorlar yetishtirildi. Bu — Jizzax bog‘laridagi barakaning aniq ifodasi. Yer va suv resurslaridan oqilona foydalanish, ilg‘or agrotexnologiyalarni keng joriy etish, intensiv bog‘lar maydonini kengaytirish kabi omillar hosil salmog‘ining ortishiga zamin yaratmoqda.

So‘nggi yillarda bog‘dorchilikni rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida qabul qilingan farmon va qarorlar tarmoqni diversifikatsiya qilish, qo‘shilgan qiymat zanjirini shakllantirish, qayta ishlash va saqlash quvvatlarini oshirishga xizmat qilmoqda. Natijada xomashyo yetishtirishdan tortib, tayyor mahsulot eksportigacha bo‘lgan yaxlit tizim izchil yo‘lga qo‘yilmoqda.
Ayni paytda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida suv tejamkor texnologiyalar, jumladan, tomchilatib sug‘orish tizimlari joriy etilmoqda, agrologistika infratuzilmasi takomillashtirilmoqda. Bu esa hosildorlik va sifat ko‘rsatkichlarining oshishi, mahsulotni uzoq muddat saqlash va eksport geografiyasini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Jizzax viloyatida yangi bog‘lar barpo etish, ko‘chatchilikni rivojlantirish, zamonaviy sovutkich omborlari va qayta ishlash quvvatlarini ishga tushirishga alohida ahamiyat berilmoqda. Bu jarayon nafaqat ichki bozor barqarorligini ta’minlamoqda, balki tashqi bozorlarda raqobatbardoshlikni kuchaytirmoqda.
Meva va rezavorlar hajmining o‘sishi qishloq xo‘jaligida diversifikatsiya jarayonlari chuqurlashayotganini, fermer va dehqon xo‘jaliklari daromadlari ortib borayotganini anglatadi. Eng muhimi, bu o‘sish qishloq aholisi bandligi va farovonligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Izchil islohotlar, ilm-fan yutuqlari va ilg‘or agrotexnologiyalar uyg‘unligi tufayli Jizzax bog‘laridan olinadigan hosil yanada oshishi kutilmoqda. Bu esa mamlakat oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirishga munosib hissa bo‘lib qo‘shiladi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri