Jizzax viloyatida Xalqaro bag‘rikenglik kuni munosabati bilan o‘tkazilgan “Bag‘rikenglik haftaligi” viloyat ahlining birlik va hamjihatlikka sadoqatini yana bir bor tasdiqladi.
16 noyabr kuni viloyat hokimligi, Din ishlari hamda Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitalar hamkorligida o‘tkazilgan navbatdagi tadbir — Jizzax shahridagi “O‘rda ekologik bog‘i”ga kirish qismida joylashgan asosiy ko‘chani “O‘zbekiston madaniy boyligi” deb nomlash marosimi bo‘ldi.
Tantanali ochilishda qozoq, qirg‘iz, tojik, rus, tatar, koreys milliy madaniy markazlari vakillari, jamoatchilik faollari, ziyolilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etib, mamlakatimizda millatlararo totuvlikka qaratilayotgan e’tiborni e’tirof etishdi.
Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha viloyatlarda tashkil etilayotgan “O‘zbekiston madaniy boyligi” ko‘chalari milliy madaniyatlar rang-barangligini saqlash va targ‘ib etish yo‘lida muhim maskanlarga aylanib bormoqda. Endilikda bu maskanda ma’naviy-ma’rifiy kechalar, ko‘rgazmalar va milliy-madaniy anjumanlar muntazam o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi.

Tadbirni ochgan viloyat hokimi o‘rinbosari Sahobiddin Boliyev – bu tashabbus xalqlar do‘stligini mustahkamlashda yangi sahfa ochishini ta’kidlab, hamjihat elning katta yutuqlari aynan shu ko‘chadan boshlanadi deya qayd etdi.

Bag‘rikenglik kuni munosabati bilan viloyat musiqali drama teatrida “O‘zbekiston — bag‘rikeng diyor” mavzusidagi madaniy-musiqiy dastur ham o‘tkazildi. Unda Jizzax vohasida bir necha asrlardan beri tinch-totuv yashab kelayotgan 30 dan ortiq millat va elat vakillari, imom-xatiblar, “Oqila ayollar” harakati hamda “Buvijonlar maktabi” a’zolari ishtirok etishdi. Sahnada turli millatlar madaniyatini ifodalagan qo‘shiq va raqslar jozibasi ishtirokchilarga bayramona kayfiyat ulashdi.

Shu bilan birga, millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni mustahkamlashda faol ishtirok etib kelayotgan bir guruh yurtdoshlarimiz “Milliy bag‘rikenglik” ko‘krak nishoni, viloyat hokimining tashakkurnomalari, qimmatbaho va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Jizzaxdagi “Bag‘rikenglik haftaligi” xalqlar do‘stligi, o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik kabi yuksak qadriyatlar yurtimizda amaliy hayotga aylanganini yana bir bor namoyon etib, jamoatchilikda chuqur taassurot qoldirdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari