O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, ichki bozorni sifatli mahsulotlar bilan boyitish va qayta ishlash sanoatini rivojlantirishga qaratilgan tizimli islohotlar o‘zining amaliy natijasini bermoqda. Bu jarayon nafaqat respublika ko‘lamida, balki hududlar kesimida ham yaqqol sezilmoqda.
Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–oktabr oylarida mamlakat bo‘ylab 114 trillion 800 milliard so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarilgan bo‘lsa, shundan 2 trillion 600 milliard so‘mlik mahsulot Jizzax viloyati ulushiga to‘g‘ri kelgan. Bu ko‘rsatkich viloyat agrosanoat salohiyatining ortib borayotganini yana bir bor tasdiqlaydi.
Jizzaxning o‘ziga xos iqlim sharoiti va tabiiy resurslari meva-sabzavot yetishtirish, chorvachilik va qayta ishlash sanoati uchun qulay zamin yaratadi.
So‘nggi yillarda yangi korxonalarning ishga tushirilishi, klasterlarning ko‘payishi, zamonaviy qayta ishlash quvvatlarining kengayishi viloyat oziq-ovqat tarmog‘ini hudud iqtisodiyotining yetakchi yo‘nalishlaridan biriga aylantirdi.
Bunday sur’atdagi rivojlanish ichki bozorni barqaror mahsulot bilan ta’minlash, ham eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarish hajmini oshirish imkonini bermoqda. Ayniqsa, qo‘shimcha qiymat yaratadigan qayta ishlash tarmoqlari viloyatning umumiy sanoat ulushida muhim o‘rin tuta boshladi.
Jizzax oziq-ovqat sanoatidagi bu o‘sish tendensiyasi kelgusida ham saqlanishi, yangi loyihalar va ishlab chiqarish quvvatlari hisobidan tarmoq ulushi yanada oshishi kutilmoqda. Bu esa hududning iqtisodiy barqarorligi, aholi bandligi va eksport salohiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri