Jizzax viloyati adliya boshqarmasida 2025 yil yakunlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda jurnalist va blogerlarga adliya organlari tomonidan yil davomida amalga oshirilgan ishlar, aholi bilan muloqot natijalari hamda huquqiy targ‘ibot samarasi bo‘yicha ma’lumotlar berildi.
Anjumanda adliya organlari faoliyati qonun ustuvorligini ta’minlash, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, murojaatlar bilan ishlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgani ta’kidlandi. Xususan, uyma-uy yurishlar, sayyor qabullar, manzilli huquqiy aksiyalar orqali fuqarolarning muammolarini erta aniqlash va hal etishga alohida e’tibor qaratildi.
— Adliya organlari uchun eng muhim mezon — fuqaroning ishonchi, — deydi Jizzax viloyati adliya boshqarmasi boshlig‘ining o‘rinbosari Begzod Pirxalov. — Shu bois har bir murojaat ortida aniq inson taqdiri turgani hisobga olinib, ularni o‘z vaqtida va mazmunan hal etish ustuvor vazifa etib belgilangan. Ayniqsa, mehnat huquqlari, ijtimoiy himoya, uy-joy va yer masalalarida murojaatlar ko‘p bo‘layotgani sohada tizimli huquqiy yondashuvni talab qilmoqda.
[gallery-27525]
Ma’lum qilinishicha, 2025 yil davomida boshqarmaga jami 4945 ta murojaat kelib tushgan. Yil boshidagi qoldiqlarni qo‘shganda esa 5002 ta murojaat ko‘rib chiqilib, shundan 3480 tasi qanoatlantirilgan. Murojaatlarning asosiy qismi inson huquqlarini himoya qilish, mehnat nizolari va davlat xizmatlari bilan bog‘liq masalalarga to‘g‘ri keladi.
Qonunbuzilish holatlarini bartaraf etish maqsadida tegishli idoralarga 616 ta ta’sir choralari kiritilgan. Natijada 91 nafar shaxs intizomiy, 79 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan, 152 ta hujjat bekor qilingan.
Yuridik xizmatlar sohasida raqamlashtirish samarasi ham yaqqol namoyon bo‘lmoqda. “Ye-huquqshunos” elektron tizimi orqali 355 ming 708 ta hujjat aylanishi qayd etilgan bo‘lib, bu davlat tashkilotlarida qarorlar qabul qilishda huquqiy xatarlarni kamaytirishga xizmat qilmoqda.
Huquqiy targ‘ibot yo‘nalishida televideniye, radio, matbuot va ijtimoiy tarmoqlar orqali keng qamrovli ishlar amalga oshirildi. Viloyatdagi barcha mahallalarda telegram guruhlariga adliya xabari boti joriy etilib, aholiga qonunchilikdagi yangiliklar tezkor yetkazilmoqda.
Anjuman yakunida adliya organlarining xalqqa yaqin, ochiq va samarali faoliyati jamiyatda huquqiy savodxonlikni oshirishga, fuqarolarning davlat organlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlashga xizmat qilayotgani alohida qayd etildi, jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javoblar olishdi.
A. Qayumov, J. Yorbekov (surat), O‘zA