O‘zbekistonning Eron Islom Respublikasidagi elchixonasida Jizzax politexnika instituti bilan hamkorlikda bir qator tadbirlar tashkil etildi.
Jizzax politexnika instituti delegatsiyasi a’zolarining Eron Islom Respublikasiga uyushtirgan xizmat safari Prezidentimizning 2024 yil 15 martdagi “2025 yilda YUNESKO Bosh konferensiyasi 43-sessiyasining Samarqand shahrida o‘tkazilishiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori doirasida amalga oshirildi.
Ushbu xizmat safaridan ko‘zlangan asosiy maqsad – xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, ilmiy-tadqiqot va ta’lim sohalarida tajriba almashinuvi va sanoat hamkorlari bilan ishlash imkoniyatlarini muhokama qilish hamda respublikamizning boy madaniy merosini targ‘ib qilishdan iborat.
Safar doirasidagi asosiy tadbirlardan biri – Tehron shahridagi O‘zbekiston Respublikasi elchixonasida “O‘zbekiston – bebaho madaniy meros” mavzusida tashkil etildi.
Ushbu ma’naviy-ma’rifiy va madaniy tadbirda O‘zbekistondan borgan delegatsiya a’zolari va tadbirkorlar, Eron Islom Respublikasining turizm sohasi mas’ullari, nufuzli oliygohlari rahbarlari, diplomatik korpus vakillari hamda Erondagi ommaviy axborot vositalari, jumladan, Eron televideniyesi, “Tehran Times”, “Iran Daily”, “Mehr Neshs”, “ITNA Neshs”, “Isfahan Ziba” gazetalari jurnalistlari ishtirok etdi.
Tadbirda O‘zbekistonning boy tarixi, betakror madaniyati va ma’naviy qadriyatlari keng targ‘ib qilindi. Dastur davomida madaniy obidalarimizga oid videoroliklar, “Buyuk ipak yo‘li”ga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar, qadimiy Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga doir materiallar, shuningdek, hunarmandchilik mahsulotlari, o‘zbek milliy musiqa va raqslari namoyish etildi. Shuningdek, tadbir ishtirokchilariga o‘zbek milliy taomi – osh damlanib, tuli xil pishiriq va shirinliklar tortiq qilindi.
Eronga uyushtirilgan xizmat safari doirasida Jizzax politexnika instituti delegatsiyasi dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalari qatoridan o‘rin olgan Tehron shahridagi Sharif texnologiya universiteti, Eron fan va texnologiyalar hamda Xo‘ja Nasiruddin Tusi texnologiya universitetlariga borib, ular bilan do‘stona hamkorlik muloqotlari amalga oshirildi. JizPI va ushbu oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘nalishlari belgilab olindi. Oliygohlar o‘rtasida kelgusidagi qo‘shma loyihalar, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuvi dasturlarini tashkil etish, investitsiyalar jalb qilish va oliy ta’lim xizmatlari eksportini amalga oshirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
[gallery-23741]
Jizzax politexnika instituti va mazkur oliygohlar o‘rtasida rasmiy hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomalar imzolandi.
Bunday tadbirlar albatta, O‘zbekistonning xalqaro miqyosdagi ijobiy imidjini mustahkamlash va xorijiy hamkorlar bilan aloqalarni yanada rivojlantirish yo‘lida muhim qadamlardan biri hisoblanadi.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/W3vmn33qZDk" title="JizPI: xalqaro hamkorlik sari muhim qadam" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Qayumov, O‘zA muxbiri