Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jismoniy yadroviy xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha muhim masalalar muhokama qilinmoqda
19:20 / 2022-07-25

Bugun Toshkent shahrida Atom energiyasi bo‘yicha xalqaro agentlik (MAGATE) bilan hamkorlikda “Jismoniy yadroviy xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha milliy kompleks reja” (INSSP)ni ko‘rib chiqishga bag‘ishlangan anjuman o‘z ishini boshladi.

Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Sanoat xavfsizligi davlat qo‘mitasi, Ichki ishlar, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar, Sog‘liqni saqlash vazirliklari, Bojxona, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, Geologiya va mineral resurslar davlat qo‘mitalari, Fanlar akademiyasi, “O‘zatom” agentligi vakillari ishtirok etdi.

Anjumanning asosiy maqsadi jismoniy yadroviy xavfsizlik rejimini mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ushbu sohaga oid milliy kompleks rejani ko‘rib chiqish hamda yangilashga ko‘maklashishdan iborat.

Ta’kidlash joiz, MAGATE tashkilotga a’zo davlatlarga keng ko‘lamli ko‘rib chiqish missiyalarini taklif etadi. Bu missiyalar davomida tegishli ekspertlar guruhi mamlakatlardagi mavjud amaliyotni MAGATE standarti bilan taqqoslaydi, yadroviy xavfsizlik va jismoniy yadroviy xavfsizlik, atom energetikasi, yadroviy qurolni tarqatmaslik choralari hamda sog‘liqni saqlash sohasini yanada rivojlantirishga yordam beradi.

Qizg‘in fikr-mulohazaga boy muloqot davomida MAGATE vakillari, shuningdek, Qozog‘iston, va Amerika Qo‘shma Shtatlaridan yetakchi ekspertlar ma’ruzalari tinglandi.

Mutaxassislar milliy kompleks reja jismoniy yadroviy xavfsizlik rejimining asosiy maqsadiga erishishda yordam berishiga alohida urg‘u berildi.

[gallery-8030]

Bundan tashqari jismoniy yadroviy xavfsizlik rejimining asosiy mohiyati yadroviy qurilmalar, radioaktiv hamda yadroviy materiallar yaxlitligiga zarar yetkazish yoki yadroviy unsurlardan g‘arazli maqsadda foydalanishga qaratilgan harakatlarning oldini olish, aniqlash va bunday salbiy holatlarga qarshi chora ko‘rish orqali insonlarni, jamiyat va atrof-muhitni turli xil hodisalar zararli oqibatidan himoya qilishdan iboratligi ta’kidlandi.

Xorijiy ekspertlar fikricha, Kompleks reja milliy yadroviy xavfsizlik rejimi samaradorligi va barqarorligini ta’minlash uchun muayyan vaqt davomida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan harakatlarni belgilaydi.

Darvoqe, amaldagi komleks reja 2018 yil sentyabrda tasdiqlangan bo‘lib, 90 dan ziyod chora-tadbirni qamrab olgan. MAGATE tomonidan kompleks rejalarni har 3-4 yilda bir marta qayta qo‘rib chiqish va a’zo-davlatlar talabi, ehtiyojidan kelib chiqqan holda yangilash tavsiya qilingan. Shu bois, mamlakatimiz tashabbusi bilan hozir amaldagi kompleks rejani qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha mazkur missiya bilan uchrashuv tashkil etildi.

Jismoniy yadroviy xavfsizlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha milliy kompleks rejaning asosiy afzalligi shundaki, manfaatdor a’zo davlatga yadroviy xavfsizlik bo‘yicha yordam ko‘rsatishga tayyor bo‘lgan boshqa sub’ektlardan yordam olish, texnik va moliyaviy jihatlar asosida o‘z harakatini rejalashtirish hamda muvofiqlashtirish imkonini beradi. Bunday muvofiqlashtirish a’zo davlatlar uchun resurslardan foydalanishni optimallashtirishga ham xizmat qiladi.

Anjuman 28 iyulga qadar davom etadi.

Ulug‘bek Mahmirzayev, Muhammad Amin (surat), O‘zA