Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jismoniy va ma’naviy kamolot omili
16:21 / 2014-07-25

Respublika ixtisoslashtirilgan suv sporti saroyida “Yagonasan, muqaddas Vatanim, sevgi va sadoqatim senga baxshida, go‘zal O‘zbekistonim!” shiori ostida suzish bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi. 

Respublika ixtisoslashtirilgan suv sporti saroyida “Yagonasan, muqaddas Vatanim, sevgi va sadoqatim senga baxshida, go‘zal O‘zbekistonim!” shiori ostida suzish bo‘yicha musobaqa bo‘lib o‘tdi. 

Vatanimiz mustaqilligining 23-yilligiga bag‘ishlab 13-15 yoshli o‘smir qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan ushbu turnir O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi, Respublika suzish federatsiyasi, «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya fondi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi, Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida istiqlol yillarida xotin-qizlar salomatligini mustahkamlash, ularni sportga keng jalb etish, jamiyatimizda sog‘lom turmush tarzi g‘oyalarini mustahkam qaror toptirish, aholi, ayniqsa, o‘smir qizlarning o‘z sog‘lig‘i uchun mas’uliyatini oshirish masalasiga doimiy e’tibor qaratilmoqda.

O‘tgan davr mobaynida ayollar, bolalar sportini ravnaq toptirish, yangi-yangi sport inshootlari, sog‘lomlashtirish maskanlari, bolalar va o‘smirlar maktablari barpo etish, ularni zarur jihoz va inventarlar bilan ta’minlash, xotin-qizlar o‘rtasida sport murabbiyalarini tayyorlashga oid tizimli ishlar amalga oshirildi. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har yili yurtimizning barcha hududlarida sportsevar qizlarga sport formalari tantanali topshirilayotgani, xalqaro musobaqalarda yuksak natijalarga erishayotgan sportchilar doimiy rag‘batlantirilayotgani, ularga katta g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatilayotgani yosh avlodning jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan mehri va qiziqishining tobora ortayotganida, mazkur yo‘nalishdagi seksiyalar, to‘garaklarga qatnayotgan o‘quvchi-yoshlar safi muttasil kengayib borayotganida yaqqol ko‘rinmoqda. Bularning barchasi o‘quvchi-yoshlarning fiziologik, psixologik rivojlanishida ijobiy ko‘rsatkichlarga erishish, qat’iyatli, irodali, maqsad sari intiluvchan shaxs bo‘lib kamol topishiga xizmat qilmoqda. 

O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi ayollar o‘rtasida sportni keng targ‘ib etish, ularning ommaviy tarzda sport bilan shug‘ullanishini ta’minlash, qizlarni sportga ko‘proq qiziqtirish bo‘yicha murabbiylar bilan ishlashni yanada kuchaytirish, sportchi talaba-qizlarning intilishini qo‘llab-quvvatlash borasidagi faoliyatni yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida alohida dastur asosida ish olib bormoqda. 

Prezidentimizning 2014-yil 1-iyuldagi «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq ayni paytda qo‘mita tomonidan joylarda turli sohalarda qo‘lga kiritgan yutuqlarimizning hayotiy omillarini ochib berish yuzasidan turkum tadbirlar, ma’rifiy anjumanlar, sport musobaqalari muntazam o‘tkazilmoqda. 

Turnirda havaskor sportchilar 50 metrlik masofaga suzish bo‘yicha musobaqalashdi. G‘oliblarga faxriy yorliq va sovg‘alar topshirildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Xotin-qizlar qo‘mitasi raisi E.Bositxonova so‘zga chiqdi.