Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jismoniy tayyorgarlik sinovi
15:54 / 2024-03-26

Mamlakatimizning barcha hududlarida bo‘lgani kabi Jizzax viloyatida ham o‘quvchilarning “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimizning 2021-yil 16-iyundagi “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash tizimini joriy etishning tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 15-yanvardagi “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash bo‘yicha sport sinovlarini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi doirasida tumandagi 44-sonli umumta’lim maktabining 1-sinfdan 11-sinfgacha bo‘lgan o‘quvchilari ixtiyoriy sport normativlarini topshirdi.  

O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi tashabbusi bilan xalqimiz salomatligini mustahkamlash, aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini yanada yuksaltirish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini ommalashtirish maqsadida turli yoshdagi fuqarolar o‘rtasida ham “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yildi.  

– Sport sinovlari 7-17 yosh toifalarida 5 ta yo‘nalish bo‘yicha viloyatdagi umumta’lim maktablari jismoniy tarbiya fani o‘qituvchilari tomonidan o‘tkazildi, – deydi Jizzax viloyati sport boshqarmasi bosh mutaxassisi Muhiddin Eshmurodov. – Sinovlarni muvaffaqiyatli topshirgan o‘quvchilar 1-, 2- va 3-darajali sport normativlarini olishadi. Bundan tashqari, olgan razryadlari va yosh toifalariga qarab, yurtimiz bo‘ylab bepul sayohat, bolalar yozgi dam olish oromgohlariga bepul yo‘llanma yoki oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli kirish yo‘llanmasi va turli sport musobaqasida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritishi mumkin.  

G‘allaorol tumanidagi 44-sonli umumta’lim maktabi o‘quvchilarining ixtiyoriy ishtirokida o‘tkazilgan “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarida o‘quvchilar faol ishtirok etdi. Ular uzoqlikka sakrash, gavdani tik ushlab turish, turnikda tortilish, yotib-turish singari belgilangan qator yo‘nalish va normativlar asosida test sinovlarini yuqori darajada topshirdi. O‘quvchilarning natijalari mutaxassis va jismoniy tarbiya fani ustozlari tomonidan qayd etib borildi.  

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat),  

O‘zA muxbirlari