Xabar berganimizdek, shu kunlarda mamlakatimizdagi davlat tashkilotlari, hokimliklar xodimlari o‘rtasida “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari bo‘lib o‘tmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Aholining jismoniy tayyorgarlik darajasini baholash bo‘yicha sport sinovlarini tashkil etish va o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan aholi o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, harakat faolligini takomillashtirish, mehnatga layoqatini oshirish, sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan mazkur tadbirlar poytaxtimizda ham uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda.

Joriy yilning 20 sentyabridan Toshkent shahar Mirobod tumanidagi 1-sonli sport maktabida vazirlik, idora va tashkilotlarda mehnat qilayotgan xodimlardan “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari qabul qilinmoqda.

Kecha kun davomida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Raqamli texnologiyalar vazirligi, Transport vazirligi hamda Energetika vazirligi xodimlari sport sinovlarini topshirdi.

Shu o‘rinda aytish lozim, sport sinovlarini topshiruvchilarga qulaylik yaratish maqsadida Yoshlar siyosati va sport vazirligi tomonidan my.sport.uz platformasida “Sport sinovlari” axborot tizimi ishga tushirildi.

Endilikda sport sinovlarini topshirish istagida bo‘lganlar onlayn ariza qoldirishi va sport sinovlarini topshirish uchun o‘ziga eng yaqin bo‘lgan sport maktabni tanlagan holda mazkur jarayonda qatanashishi mumkin. Shuningdek, endilikda sport sinovlarini topshirish elektron platformada baholanadi va shu kunning o‘zida natija ma’lum qilinib, ishtirokchining shaxsiy kabinetiga elektron sertifikat yuboriladi.
Eslatib o‘tamiz, “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari ixtiyoriy talablar asosida o‘tkazilmoqda.

T.Ro‘ziyev, O‘zA