French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Jismoniy tayyorgarlik darajasi” qamrovi qanday bo‘ldi?
10:24 / 2025-12-17

Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jismoniy faollikni oshirish hamda fuqarolarning sog‘lig‘ini mustahkamlash maqsadida mamlakatimizda “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlari o‘tkazilayotgani ayni muddao bo‘ldi.

Ushbu sa’y-harakat natijasida mahallalarda istiqomat qilayotgan turli toifadagi aholi vakillari ommaviy sport harakati bilan qamrab olinishi sari muhim qadam tashlandi.

Shu kunlarda yurtimiz bo‘ylab keng miqyosda “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” sport sinovlarini muvaffaqiyatli topshirgan aholi vakillarini taqdirlash marosimi o‘tkazilmoqda.

Kuni kecha poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida tashkil etilgan navbatdagi tadbirda “Jismoniy tayyorgarlik darajasi”ni muvaffaqiyatli topshirgan Toshkent shahri tumanlaridagi mahallalarda istiqomat qiluvchi 30-70 yosh toifasidagi aholi vakillari I, II va III-darajali ko‘krak nishonlari va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, respublikamizning 9 ming 8 ta mahallasidagi 30-70 yosh va undan katta yoshdagi aholining jami 335 ming nafari ro‘yxatdan o‘tib, ularning 327 ming nafari sport sinovlarida o‘z imkoniyatini imtihondan o‘tkazdi.

Ushbu salomatlik sinovida har bir mahalladan 30 nafardan aholini sport sinovlariga jalb etish rejalashtirilgan edi. Odamlar orasida salomatlikka e’tiborning yuqoriligi tufayli sinovlarda respublika bo‘yicha bir mahalla yig‘inidan o‘rtacha 40 nafarga yaqini jismoniy sinovlarda qatnashishga ishtiyoq bildirgani sog‘lom turmush tarziga qiziqish ortganidan dalolat, deyish mumkin.

Bu borada eng yaxshi ko‘rsatkich Toshkent viloyati (o‘rtacha 50 nafar), Buxoro va Jizzax viloyatlari (o‘rtacha 49 nafar) va Sirdaryo viloyati (o‘rtacha 48 nafar) hisobiga to‘g‘ri keldi.

Maxsus talablar bo‘yicha sport sinovlarini topshirgan aholining 5 ming nafari I-daraja, 10 ming nafari II-daraja, 16 ming nafari III-darajali mezon talablarini bajardi va eng yuqori natija ko‘rsatgan 3 ming 555 nafari tegishli tartibda “Jismoniy tayyorgarlik darajasi” ko‘krak nishonlari hamda belgilangan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA