Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, aholi salomatligini yanada mustahkamlashda sportning o‘rni muhim. Shu bois yurtimizda ushbu yo‘nalishda keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri o‘rinbosari Avazjon Karimov boshchiligidagi ishchi guruh Farg‘ona viloyatida bo‘lib qaytdi.
Dastlab, mehmonlar sport o‘yinlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabida bo‘ldi. Amalga oshirilgan ishlar, maktabning moddiy texnik bazasi hamda sportchi-yoshlarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishishdi.
Mazkur sport maktabining inshootlari holati, tashkil etilgan trenajer zali, 32 o‘rinli yotoqxona, maktab hududida joylashgan «Nodirabegim» MFYda maktab tomonidan tashkil etilgan bolalar va kattalar uchun «Street Workout» maydonchalari, sport maktabi, «Istiqlol» tennis majmuasida olib borilayotgan ishlar yuzasidan ko‘rsatmalar berildi.
Ishchi guruh vakillari O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Farg‘ona filialida bo‘lishdi. Tashrif davomida universitetning moddiy-texnik bazasi, talabalarga yaratilgan qulayliklar o‘rganildi. Mutasaddilarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Shuningdek, Avazjon Karimov boshchiligidagi ishchi guruh Qo‘qon shahrida tashkil etilgan ashixara karate bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida Qo‘qon shahar ochiq birinchiligining final bahslarini ham kuzatishdi. G‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida ishtirok etishdi.
Navbatdagi manzil Beshariq. Farg‘ona viloyatining Beshariq tumanini ushbu hududdan yetishib chiqqan boks bo‘yicha yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Azizbek Rahmonov, professional boksda g‘olibona odimlayotgan Shohjahon Ergashev, Murodjon Yoqubov, Bahrom Fozilov, Osiyo chempioni Zohid Sultonov va boshqa o‘nlab sportchilar nomi bilan yaxshi taniymiz.
Beshariqlik sportchilar erishayotgan ushbu yutuqlar zamirida tuman bolalar-o‘smirlar sport maktabining o‘rni beqiyos. Yaqinda qurib bitkazilgan hamda Beshariq tuman bolalar-o‘smirlar sport maktabi ixtiyoriga berilgan 18x30 metr o‘lchamdagi zamonaviy, sendvich panelli sport zali Prezident qarori asosida qisqa fursatda bunyod etildi. Ushbu sport zal va stadionni mukammal ta’mirlash uchun 3 mlrd. 880 mln. so‘m mablag‘ yo‘naltirildi.
O‘z navbatida, ishchi guruh tumandagi mazkur sport zalining tantanali ochilish marosimida ham ishtirok etdi.
Beshariq tuman hokimi R.Jo‘rayev ushbu muhtasham inshootni qurilishida yaqindan ko‘mak bergan Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga minnatdorlik bildirib, ramziy kalitni tuman BO‘SM direktori R.Majidovga topshirdi.
Avazjon Karimov boshchiligidagi ishchi guruhning so‘nggi manzili Farg‘ona shahrida tashkil etilgan «Viloyat hokimi kubogi» musobaqasi bo‘ldi.
Farg‘ona vodiysi jamoalari bilan bir qatorda qo‘shni Qirg‘izistonning «Nur-Batken» klubi, shuningdek «Bunyodkor» va «Buxoro» jamoalari ishtirok etgan turnirda jami – 16ta jamoa qatnashdi.
Musobaqaning yarim final bosqichiga «Bunyodkor» hamda Farg‘ona viloyatining biryo‘la uch vakili – «Qo‘qon-1912», «Neftchi» va «Istiqlol» jamoalari yetib kelishdi. Yakunda esa «Bunyodkor» – Viloyat hokimi kubogi g‘olibi, «Istiqlol» – ikkinchi o‘rin sohibi va «Qo‘qon-1912» – 3-o‘rin bilan musobaqani tantanali yakunladilar.
G‘olibga kubok hamda pul mukofoti – 50 million so‘m taqdim etilgan bo‘lsa, 2-o‘rin sohibi 30 million va 3-o‘rinni egallagan klub 20 million so‘mga ega chiqdi.
Taqdirlash marosimida O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vazirligi ishchi guruhi qatnashib, Farg‘ona safarini yakunladilar.
O‘zA