Prezidentimizning 2024 yil 18 dekabrdagi “Yoshlarning sport bilan muntazam shug‘ullanishi uchun qo‘shimcha shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida”gi qarorida sport maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish, xususiy sport klublari hamda mahallalarda sport to‘garaklarini tashkil etgan trenerlarning yoshlarni muntazam sport bilan shug‘ullantirish borasidagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida har payshanba kuni yurtimiz bo‘ylab “Jismoniy tarbiya va sport kuni” sifatida nishonlanmoqda.
Jumladan, Namangan viloyati Davlatobod tumanida o‘tkazilgan ana shunday sog‘lomlashtirish tadbiri mustaqilligimizning o‘ttiz to‘rt yillik bayramiga hamohang ravishda “Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun!” bosh g‘oyasi asosida o‘tkazildi.

Tuman hokimligi, tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi, tuman sport bo‘limi hamkorligida uyushtirilgan navbatdagi sport kunida Istiqlol hamda Yangi tong mahallalari aholisi, sportchi va murabbiylar ishtirok etdi.

“Salomatlik uchun besh ming qadam” yurish mashqi, skandinavcha yurish, shuningdek, sport maktabida tashkil etilgan ayollar sog‘lomlashtirish murabbiyi tarafidan ertalabki badantarbiya mashqlari o‘tkazildi.

Sport kuni davomida, 5-sonli oilaviy poliklinikasi mutaxassislari sog‘lom turmush tarzi, xususan, to‘g‘ri ovqatlanish madaniyati aslida organizmga hech qanday foyda keltirmaydigan (aksincha, zararli) bir qator mahsulotlar bo‘yicha tushuntirish ishlarini olib bordi.

Marafon startida Davlatobod tumani hokimining o‘rinbosari, tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Dilrabo Nabiyeva jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanish inson uchun muhim va foydali ekanligi, bunda hayotiy ko‘nikmalarni oshirish orqali har bir fuqaro o‘zi va oilasi uchun sog‘lom muhitni qaror toptirish zarurligini ta’kidladi.
Bunday tadbirlar nafaqat jismoniy faollikni oshirish, balki salomatlikni mustahkamlash, kayfiyatni ko‘tarish va sport madaniyatini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.