Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda dastlab “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, “Xalqaro tijorat arbitraji to‘g‘risida”gi qonun bilan arbitrni tayinlash, ta’minlash chorasini tan olish yoki ijroga qaratish to‘g‘risidagi iltimosnomalarni, arbitrni rad etishni qanoatlantirish, arbitr vakolatlarining amal qilishini tugatish xususidagi qarorni qabul qilish, arbitraj sudining yurisdiksiyasi masalasi yuzasidan qarorlar qabul qilish, dalillarni olishga ko‘maklashish, arbitraj hal qilish qarorini bekor qilish kabi arizalarni ko‘rib chiqish iqtisodiy sud vakolatiga kiritilgan.
Yuqoridagi o‘zgartirishlarni inobatga olib, mazkur qonun loyihasida O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksiga hamda “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda.
Xususan, loyiha bilan Iqtisodiy protsessual kodeksiga quyidagi qo‘shimchalar kiritilyapti. Agar sudya ma’lum ishni avvalgi ko‘rib chiqish chog‘ida arbitraj sudining arbitri sifatida ishtirok etgan bo‘lsa, u ishni ko‘rib chiqishda ishtirok etishi mumkin emasligini va rad qilinishi lozimligi, arbitraj muhokamasi bilan bog‘liq ishlarni iqtisodiy sudlar sudloviga kiritishni nazarda tutuvchi yangi band, arbitraj muhokamasining taraflaridan biri chet ellik shaxs – O‘zbekiston Respublikasining norezidenti bo‘lishi munosabati bilan arbitraj muhokamasi bilan bog‘liq ishlarni ko‘rib chiqishni viloyat darajasidagi sudlarning sudloviga kiritish taklif etilmoqda.
Deputatlar qayd etganidek, arbitraj muhokamasi bilan bog‘liq arizalar va iltimosnomalarni ko‘rib chiqishning sudlovga tegishliligini nazarda tutuvchi va arbitraj sudida ko‘rilayotgan da’vo bo‘yicha iqtisodiy sud tomonidan ta’minlash choralari ko‘rilishi to‘g‘risidagi arizaga ilova qilinadigan hujjatlarga qo‘yiladigan talabni nazarda tutuvchi yangi qism bilan to‘ldirilayotgani davogar va ijrochi o‘rtasidagi tushunmovchiliklarga barham berishi bilan ahamiyatlidir.
Yig‘ilishda deputatlar sarsongarchilikning oldini olish maqsadida da’vo arizasini ko‘rmasdan qoldirish, ish yuritishni tugatish va da’vo arizasini ish yuritishga qabul qilishni rad etish asoslariga qo‘shimchalar kiritilayotganiga to‘xtalib, ushbu masala noto‘g‘ri talqin etilishi va o‘zaro nizolarning ortib ketishining oldini olish maqsadida normalarni aniq belgilab qo‘yish lozimligini bildirdi.
Fraksiya yig‘ilishida “O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksining 378-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ham qizg‘in muhokama qilindi.
Taklif etilayotgan qonun loyihasini qabul qilinishi bilan amaliyotda bir-birini zidlovchi qonun hujjatlar yuzaga kelishining oldi olinadi va aniq sohalardagi munosabatlarni tartibga soluvchi normativ-huquqiy xujjatlar tizimlashtiriladi. Asosiysi, qonun loyihasining qabul qilinishi aholini ijtimoiy jihatdan qo‘llab-quvvatlash va daromadlarini oshirishga xizmat kiladi.
Xususan, Soliq kodeksiga 2021 yil 1 oktyabrdan boshlab Soliq to‘lovchi tomonidan tegishli xalqaro uyushmaga a’zo bo‘lish uchun a’zolik badallariga hamda qayta tayyorlash va malakasini oshirish uchun nodavlat ta’lim tashkilotlariga yo‘naltiriladigan o‘zining ish haqi va boshqa daromadlari summasi jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinishi belgilanmoqda.
Shuningdek, loyihada oliy va professional ta’lim muassasalarida o‘qish uchun tijorat banklaridan olingan ta’lim kreditlarini qoplashga yo‘naltirilgan jismoniy shaxslarning soliq solinadigan ish haqi va boshqa daromadlariga soliq imtiyozlari qo‘llanilishi nazarda tutilyapti.
Yig‘ilishda muhokama etilgan qonun loyihalari bo‘yicha deputatlar tomonidan partiya pozitsiyasidan kelib chiqqan holda bir qator taklif va tavsiyalar berildi.
Mohigul Qosimova, O‘zA