Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jismoniy kamolot maskani
17:00 / 2015-11-10

Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida sportchilarimizning xalqaro miqyosda erishayotgan natijalari tobora salmoqli bo‘lmoqda.

Prezidentimiz rahnamoligida bolalar sportini rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor samarasida sportchilarimizning xalqaro miqyosda erishayotgan natijalari tobora salmoqli bo‘lmoqda.

Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanidagi 28-Olimpiya zaxiralari ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi kurashchilar tayyorlash borasida erishayotgan yutuqlar bunga yorqin misoldir.

Milliy kurash maktabi sifatida 1993-yilda faoliyat boshlagan ushbu muassasa qadriyatlarimizning ajralmas qismi, mardlik va vatanparvarlik timsoli bo‘lgan o‘zbek kurashini ommalashtirish, uni jahon miqyosida keng targ‘ib etish va kuchli polvonlar tarbiyalash borasida katta yutuqlarga erishib kelmoqda. Maktabda 1000 ga yaqin o‘quvchi kurash, belbog‘li kurash, turon yakkakurashi, og‘ir atletika, yunon-rum kurashi, dzyudo va boks bo‘yicha mahoratlarini oshirmoqda.

O‘tgan yillarda maktab tarbiyalanuvchilari Osiyo va jahon chempionatlarida 7 oltin, 10 kumush, 18 bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Prezidentimiz tashabbusi bilan ta’sis etilgan “Umid nihollari”, “Barkamol avlod” va Universiada sport musobaqalarida 19 oltin, 12 kumush, 21 bronza medalga sazovor bo‘lgan.

Belbog‘li kurash bo‘yicha o‘n bir karra O‘zbekiston va uch karra jahon chempioni, xalqaro toifadagi sport ustasi, birinchi toifali murabbiy, O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi Rustam Umarov Vatanimiz dovrug‘ini xalqaro miqyosda keng yoyishga qo‘shgan munosib hissasi uchun 2010-yilda “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni bilan mukofotlandi.

– Sport sohasida erishgan muvaffaqiyatlarim Prezidentimiz tomonidan munosib rag‘batlantirilgani menga yanada kuch-g‘ayrat bag‘ishladi va katta mas’uliyat yukladi, – deydi R.Umarov. – Bildirilgan yuksak ishonchni oqlash maqsadida ushbu maskanda faoliyat yuritib, kurashga qiziqqan yosh avlod vakillariga sportning bu turi sirlarini o‘rgatyapman. Ular jahon arenalarida Vatanimiz sharafini ulug‘lashga qodir yetuk kurashchilar bo‘lib yetishishiga ishonaman.

Ayni paytda ilk sport sabog‘ini ushbu dargohda olgan kurashchilardan 11 nafari xalqaro toifadagi sport ustasi, 55 nafari sport ustasi hisoblanadi. Shu bois maktab O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 23-sentabrdagi “Sport maktablari faoliyatini hamda sport maktablari trenerlari va mutaxassislari mehnatini moddiy rag‘batlantirish tizimini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarori asosida bolalar va o‘smirlar sport maktabiga aylantirildi, 2014-yildan unga Olimpiya zaxiralari maqomi berildi.

Shu munosabat bilan ilgari tumandagi “Shirinlik” madaniyat saroyi qoshidagi sport zalida faoliyat ko‘rsatib kelgan sport muassasasi uchun O‘zbekiston Bolalar sportini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan yangi zamonaviy maktab binosi qurib foydalanishga topshirildi va yangi jihozlar hamda sport anjomlari bilan ta’minlandi.

Uch gektardan ziyod maydonni egallagan yangi maktab majmuasida jahon andozalari talabiga mos sport zali, ming o‘rinli tribuna va uning ostida sportchilar uchun barcha sharoitlar yaratilgan xonalari bo‘lgan stadion joy olgan. Yangi binoda sportning belbog‘li kurash, turon yakkakurashi, yunon-rum kurashi, kurash turlariga qo‘shimcha ravishda boks, og‘ir atletika va dzyudo bilan ham shug‘ullanish imkoniyati yaratildi. Yosh sportchi va murabbiylar uchun yuvinish, kiyim almashtirish, dam olish xonalari va boshqa qulayliklar mavjud.

Olimpiya zaxiralari ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi maqomi berilganidan keyin o‘tgan qisqa vaqtda, 2014-yilning o‘zida mazkur dargohning yosh sportchilari mamlakat va xalqaro miqyosdagi musobaqalarda 48 oltin, 23 kumush, 41 bronza medalni qo‘lga kiritdi. Bu muvaffaqiyatlar joriy yilning to‘qqiz oyida shu kabi nufuzli tadbirlarda 15 oltin, 13 kumush, 32 bronza medali bilan boyitildi.

– Bunday muvaffaqiyatlar mamlakatimizda yoshlar kamolotiga qaratilayotgan alohida e’tibor, yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlar samarasidir, – deydi 28-Olimpiya zaxiralari ixtisoslashtirilgan bolalar va o‘smirlar sport maktabi rahbari O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, xalqaro toifadagi hakam Ne’matulla To‘ychiyev. – Maktabimizda olimpiya sport turlarini yanada rivojlantirish va tarbiyalanuvchilar orasidan Olimpiada ishtirokchilarini tayyorlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Milliy kurash targ‘iboti orqali o‘sib kelayotgan yosh avlodni vatanparvarlik va mardlik ruhida tarbiyalash ham faoliyatimizning asosiy yo‘nalishidir.

Muxtasar aytganda, To‘raqo‘rg‘on tumanining Sayram, Saroy, Qo‘rg‘oncha, Shohidon, Axsi qishloqlarida o‘ndan ziyod sport seksiyalariga ega mazkur sport maktabi yosh avlodning ma’naviy va jismoniy kamolotiga munosib hissa qo‘shmoqda.