Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Jismoniy imkoniyati cheklangan talabalar faolligini oshirish muhim ish
16:44 / 2023-01-26

Ta’lim sohasining barcha bosqichlarida keng ko‘lamli va tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, oliy ta’lim tizimida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, ta’lim jarayoniga ilg‘or va xorijiy tajribalarni tatbiq etish, pirovardida bugungi kun talabiga javob beradigan malakali mutaxassislar tayyorlash masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Oliy ta’lim tizimida tahsil olayotgan imkoniyati cheklangan  talabalarning ijtimoiy faolligini oshirish, tashabbuskorligini qo‘llab-quvvatlash, qulay shart-sharoit yaratish ham e’tibor markazida. 

Ana shu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirish, mazmun-mohiyati targ‘ibotini izchil yo‘lga qo‘yish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish masalalarida Andijon davlat pedagogika institutida ham muayyan ishlar olib borilmoqda. 

Institut maktabgacha ta’lim fakultetining o‘zida nogironligi bo‘lgan talabalarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, shu bilan birga, imkoniyati cheklangan talabalar ishtirokida korreksion-pedagogik ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, inklyuziv ta’limda tarbiyachining kasbiy mahorati bosh omil ekani, inklyuziv tafakkurga ega bo‘lishi va ta’lim sifatiga mas’ulligi bo‘yicha nazariy va amaliy mashg‘ulotlar muntazam o‘tkazilmoqda, shu yo‘nalishda samarali faoliyat yuritish uchun zarur shart-sharoitlar yaratilayotir.

Ayni paytda Andijon davlat pedagogika instituti Maktabgacha ta’lim fakultetida jami 13 nafar imkoniyati cheklangan talaba tahsil olmoqda. Ulardan 3 nafari ko‘rishda, 2 nafari tayanch harakat qismida nuqsoni bor va 3 nafar epilepsiya hamda somatik kasalliklari mavjud talabalardir. Ana shu talabalarga Maktabgacha ta’lim kafedrasining 25 nafar professor-o‘qituvchisi tomonidan inklyuziv ta’lim berib kelinmoqda.  

Dars mashg‘ulotlarini olib borish jarayoni imkoniyati cheklangan talabalarning individual xususiyatlaridan kelib chiqqan holda, shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim tamoyillariga asoslanib amalga oshiriladi.

Nogiron va sog‘lom talabalar o‘rtasidagi ijobiy psixologik muhitni shakllantirish, yaxshilash maqsadida turli sport mashg‘ulotlari, ko‘ngilochar tadbirlar muntazam o‘tkazilmoqda. Buning samarasi o‘laroq, sog‘lom talabalar imkoniyati cheklangan talabalarga atroflicha ko‘mak bermoqda. 

Axborot-resurs markazimiz ko‘rishida nuqsoni mavjud talabalar uchun Brayl alifbosidagi maxsus adabiyotlar bilan boyitildi. Shuningdek, ko‘rish qobiliyati cheklangan talabalar uchun oqilona qulaylik — ularning shaxsiy ehtiyojlarini hisobga olgan holda, Brayl shriftida taktil sezish uchun moslashtirilgan darsliklar bilan ta’minlangan. 

Ma’lumki, ko‘rish qobiliyati cheklangan talabalar matematika formulalarini, doskada chizilgan grafiklarni, chizmalarni faqatgina eshitish orqali to‘liq qabul qila olmaydi, bularni so‘zlar orqali tushuntirish ham ancha mushkul. Buning uchun olti nuqtalik Brayl shriftida nashr etilgan maxsus darsliklardan foydalanish maqsadga muvofiq. Ana shunday darsliklarni olib kelish, shu bilan birga, maxsus qo‘llanmalar yaratish bo‘yicha ham  istiqbolli rejalar belgilab olingan. 

Jismoniy imkoniyati cheklangan talabalarning bo‘sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish maqsadida ular qiziqishlaridan kelib chiqqan holda “Mohir qo‘llar”, “Ranglar jilosi”, “Qiziqarli matematika”, “Notiqlik san’ati” kabi bir qancha to‘garaklarga jalb etilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, yuqorida qayd etilgan ishlar mamlakatimizda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilishga har tomonlama sharoitlar yaratish bo‘yicha olib borilayotgan jarayonlar, xususan, yurtimizda inklyuziv ta’limni rivojlantirishga qaratilgan islohotlarga amaliy misol bo‘ladi. Institutimizda mazkur yo‘nalishdagi ishlar izchil va tizimli ravishda davom ettiriladi.

Turg‘unoy Kaziyeva,  

Andijon davlat pedagogika instituti 

Maktabgacha ta’lim fakulteti dekani.  

O‘zA